09:37 / 10.08.2023
6120

Binoda, poyezdda, samolyotda yong‘in chiqsa, nima qilish kerak?

Yong‘in payti qimmat buyumlaringiz haqida emas, eng avvalo, o‘zingiz va atrofdagilar sog‘ligi haqida o‘ylang.

Foto: lifehacer

Binoda yong‘in chiqsa:

Agar to‘satdan yong‘in sodir bo‘lsa, qo‘lingizdan kelsa, o‘t o‘chirgich bilan yoki qalin yopinchiq, suv yoxud qum bilan olovni o‘chirishga harakat qilib ko‘rish mumkin. Lekin hech qachon elektr tarmog‘iga ulangan yonayotgan kabel va simlarga suv sepib bo‘lmaydi. Bu juda xavfli.

Tezlik bilan o‘t o‘chirish xizmatiga telefon qiling. Agar hayajondan buni amalga oshira olmasangiz, o‘zingiz uchun o‘t o‘chirish xodimlarini chaqirib beroladigan odamdan buni iltimos qiling. Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda o‘t o‘chirish xizmatini chaqirish uchun 101 raqamiga qo‘ng‘iroq qilinadi.

Qochib chiqish uchun eng xavfsiz yo‘lni tanlang. Yong‘in payti liftlardan foydalanish mumkin emas, zina orqali pastga tushish lozim.

Agar yong‘in maktab, shifoxona kabi jamoat binosida sodir bo‘lsa, unda devorlarga osilgan evakuatsiya rejalarini topa olasiz. Zarur bo‘lganda ulardan foydalaning.

To‘g‘ri kelgan joyga yugurmang. Masalan, eshikni ochmoqchi bo‘lsangiz, avval unga sekin tegib ko‘ring, agar eshik issiq bo‘lsa, uning ortida olov bo‘lishi mumkin.

Agar olov chiqish yo‘lini to‘sib qo‘ygan bo‘lsa, hali yong‘in yetib bormagan xonaga kirish va ungacha bo‘lgan barcha eshiklarni yopish tavsiya qilinadi. Eshik va pol o‘rtasiga nam latta qo‘ying. Gaz va elektrni o‘chiring. Imkoni bo‘lsa, balkonga chiqib, tashqaridagilardan yordam so‘rang. Xonani tutun qoplagan bo‘lsa, derazani ochib nafas olishga, imkoni bo‘lmasa, nam latta bilan nafas olishga harakat qiling. Agar siz turgan xona yonayotgan va boshqa imkon bo‘lmasa, choyshab yoki boshqa shunga o‘xshash narsalardan foydalanib, derazadan pastga tushishga harakat qiling. Lekin qutqaruvchilar ikkinchi qavatdan balandroqdan sakrashni maslahat bermaydi.

Poyezdda yong‘in chiqsa:

Birinchi navbatda vagon kuzatuvchisiga yong‘in haqida xabar bering. Agar u bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmasa, haydovchiga murojaat tugmasidan foydalanib, haydovchini ogohlantiring. Buning ham iloji bo‘lmasa, keyingi vagonga o‘tib konduktorga xabar berishga harakat qiling.

Eng oxirgi chora sifatida to‘xtash kranini bosing va to‘xtagan poyezdni eshik yoki deraza orqali tark eting.

Metroda yong‘in chiqsa:

Vagonda yong‘in chiqqanini sezsangiz, mato orqali nafas oling va olovni o‘chirishga harakat qilib ko‘ring. Bunda qalin mato yoki alkogolsiz ichimliklardan foydalanish mumkin.

Agar olov o‘chmasa, darhol haydovchi bilan bog‘lanish kerak. Lekin to‘xtash kranini ishlatib bo‘lmaydi, sababi metro yo‘lida katta kuchlanish bor. Keyingi bekatgacha poyezd yetib borishini kutish kerak. Agar haydovchi poyezdni bekatga yetmasdan to‘xtatsa, uning ko‘rsatmalariga amal qilish lozim. Boshqalarga ham yordam berishni unutmang.

Kemada bo‘lganda ham xuddi shunday birinchi navbatda kapitanga xabar berish, uning ko‘rsatmalariga amal qilish kerak.

Samolyotda yong‘in chiqsa

Agar samolyotda birinchi bo‘lib yong‘inga guvoh bo‘lsangiz, eng avval bortdagi hammani ogohlantiring, lekin vahimaga qo‘ymaslikka harakat qiling. Yonmaydigan suyuqlik bilan namlangan mato orqali nafas oling. Parvoz vaqtida derazani sindirishga yoki eshikni ochishga urinmang. Bu parvoz vaqti bosim kamayishiga, so‘ng avariyaga olib kelishi mumkin. Favqulodda qo‘nishni kutish va ko‘rsatmalarga amal qilish eng to‘g‘ri variant. Ha aytgancha, qimmat buyumlar sabab joningizni xatarga qo‘ymang, eng avval o‘z joningiz va boshqalar hayotini saqlashga yordam bering.

Top