O‘zbekiston | 07:20 / 10.08.2023
7187
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Ozarboyjon bilan birgalikda kema qurish loyihalarida ishtirok etishi mumkin

«O‘zbekiston Kaspiy dengizida o‘z kemalariga ega bo‘lishdan manfaatdor», - dedi O‘zbekiston Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktori Bekzod Xolmatov, deb xabar bermoqda «Dunyo» Ozarboyjonning Report.az axborot agentligi manbasiga tayanib.

Foto: Dunyo

Bekzod Xolmatov Kaspiy dengizida o‘z kemalarining mavjudligi Transkaspiy yo‘nalishi bo‘ylab yuk tashish hajmining oshishiga xizmat qilishini ta’kidladi. «O‘zbekiston ham Ozarboyjon bilan birgalikda kema qurish loyihalarida ishtirok etishdan manfaatdor. – dedi u. - Toshkent bu borada boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilishga tayyor».

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi paytda O‘zbekiston Boku portida o‘z terminalini qurish bo‘yicha ishlarni olib bormoqda.

O‘zbekiston dunyoda «ikki karra qulflangan» (double locked countries) toifasiga kiruvchi ikki davlatdan biridir. Bu shuni anglatadiki, okeanlarga chiqish uchun kamida ikkita davlat chegarasini kesib o‘tish kerak.

Shu bilan birga, transport vaziri o‘rinbosari O‘zbekiston importchilari Boku porti bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini va mineral o‘g‘itlar terminalini uzoq muddatga ijaraga olishni yoki uni yaratishga sarmoya kiritishni maqsad qilganini aytdi. Hozir bu masala o‘rganilmoqda, texnik-iqtisodiy asoslash ishlari olib borilmoqda.

2022 yilda O‘zbekistondan Boku porti orqali eksport-import yuk tashish hajmi 904 ming tonnani tashkil etdi, bu 2021 yilga nisbatan 65 foizga ko‘pdir. Oziq-ovqat yuklarini, jumladan, shakar xomashyosi, mineral o‘g‘itlar va konteynerlarni tashish hajmi sezilarli darajada oshdi.

Mavzuga oid