O‘zbekiston | 07:47 / 11.08.2023
6850
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘yliq bozorida PPX xodimiga otvyortka bilan jarohat yetkazgan shaxs ushlandi

Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi tomonidan poytaxtda patrul-post xizmati xodimining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, faol qarshilik ko‘rsatgan shaxs qo‘lga olindi.

Foto: milliygvardiya.uz

Toshkent shahar IIBB patrul-post xizmati xodimi X.I. 5 avgust kuni Qo‘yliq bozorida spirtli ichimlik iste’mol qilib, mast holatda skuterda bozor bo‘ylab harakatlanayotgan fuqaroni to‘xtatgan.

Milliy gvardiya xabariga ko‘ra, fuqaro patrul-post xizmati xodimining qonuniy talabiga agressiv munosabatda bo‘lib, yonida bo‘lgan otvyortka bilan huquq-tartibot xodimining bel sohasiga urib voqea joyidan yashiringan.

Qo‘yliq bozori hududida jamoat tartibini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi voqeadan xabar topib, ushbu shaxsni qo‘lga olish choralarini ko‘rgan.

Bir necha daqiqadan so‘ng, Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi gumonlanuvchi fuqaroga yetib olib, uni qo‘l jangi uslubi bilan qurolsizlantirgan holda qo‘lga olgan va Bektemir tumanining 4-sonli ichki ishlar bo‘limiga olib borib topshirgan.

Olib borilgan dastlabki surishtiruv davomida ushbu shaxs Samarqand viloyatida tug‘ilgan 47 yoshli fuqaro ekani, ilgari og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgani uchun bir necha bor jinoiy javobgarlikka tortilgani va 2016 yilda ozodlikka chiqqani ma’lum bo‘lgan.

Ushbu holat bo‘yicha ichki ishlar organlari tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi ("Bezorilik") bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Fuqaro gumonlanuvchi sifatida protsessual tarzda ushlangan.

Jabrlangan xodim hozirda shifoxonada, shifokorlar uning ahvolini qoniqarli deb baholamoqda.

Mavzuga oid