Jahon | 21:09 / 14.08.2023
39908
13 daqiqa o‘qiladi

Frontdagi vaziyat: Ukraina va Rossiya qo‘shinlari zaxiralarni jangga tashlamoqda

Yozgi harbiy kampaniyada hal qiluvchi palla boshlanmoqda.

Foto: Getty Images

So‘nggi haftalarda Ukrainadagi front chizig‘ida yozgi kampaniya natijasini belgilab beruvchi janglar boshlandi. Ikki tomon ham zaxiralarining bir qismini harakatga keltirdi va o‘z yurishlarida ayrim yutuqlarga erishdi. Rossiya qo‘shinlari shimolda — Xarkiv, Donetsk va Luhanskoy oblastlari chegarasida ilgarilagan, endi Ukraina qurolli kuchlarining Oskol daryosi sharqiy sohilida joylashgan butun guruhining kommunikatsiyalariga tahdid solmoqda. Ukraina armiyasi Baxmut yo‘nalishida va mamlakat janubida bosimni oshirmoqda. Bundan tashqari, Ukraina QK Xerson oblastida Dniproning chap sohiliga bir necha yangi desant guruhlari tashladi.

Ukraina QK ham, RF QK ham, aftidan, chuqur yorib kirishga umid qilmayapti: qo‘shinlarning ilgarilashi — rossiyaliklarniki ham, ukrainlarniki ham — juda sekin ketmoqda. Sababi — ikki armiya ham artilleriya, minalar va razvedka dronlariga tayangan holda himoyalanishni yaxshi o‘rganib olgan, ammo bunday mudofaani yengib o‘tishning yo‘lini o‘ylab topa olmayapti. Hozirda ikki tomon ham asosiy e’tiborini raqibni holdan toydirish uchun uning texnikalari (birinchi navbatda artilleriyani) va shaxsiy tarkibini yo‘q qilishga qaratmoqda va shundan keyingina hal qiluvchi hujumga o‘tishi mumkin.

Kupyansk yo‘nalishi

  • RF QK iyul oyi oxiri va avgust oyi boshida Kupyanskning shimoliy chekkalaridan Svatovoning g‘arbiy chekkalariga qadar keng front bo‘ylab hujumga o‘tdi.
  • Hozircha Rossiya armiyasi Karmazinovka va Raygorodka yaqinidagi bir necha kichik qishloqlar, Liman Perviy va Olshan atrofidagi, shu vaqtga qadar front chizig‘ida bo‘lgan va tomonlarning hech biri nazorat qilmagan qator aholi yashash manzillari, shuningdek Novoselovka posyolkasi xarobalari hamda unga qo‘shni bo‘lgan, kuzdan buyon qo‘ldan qo‘lga o‘tib kelayotgan Kuzemovka stansiyasi egallanganini yutuq sifatida keltirishi mumkin.
  • Ammo Rossiya yurishining real ahamiyati egallangan aholi yashash manzillari ro‘yxatidan kattaroq. Rossiya qo‘mondonligi asta-sekinlik bilan bu jangga yangi kuchlarini kiritmoqda (birinchi navbatda, hozirga qadar ta’tilga chiqarilgan va saflarini to‘ldirish bilan mashg‘ul bo‘lgan G‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari polklari va brigadalari). Ukrainaning shimoldagi qo‘shinlari esa barqaror mudofaa uchun yetarli zaxiraga ega emas.
1. RF QK Kupyansk-Svatove temiryo‘lini nazorat qilish mumkin bo‘lgan tepaliklarda joylashgan Novoselovka posyolkasini shturm qilmoqda. Rossiya qo‘shini posyolkani to‘liq egallagani aniq emas.
2. Ukraina QK qarshi hujumga o‘tib, iyul oyi oxirida Jyerebets daryosining g‘arbiy sohiliga platsdarm qurgan Rossiya kuchlarini chekintirdi. Ammo RF QK platsdarmi to‘liq bartaraf etilgani aniq emas.
  • Ukrain armiyasi iyul oyi oxirida Karmazinovka va Raygorodka hududida birinchi hujumni qaytargan va hatto Jyerebets daryosining g‘arbiy sohilida platsdarm qurgan Rossiya kuchlarini chekintirishga muvaffaq bo‘lgandi. Ammo keyin yangi inqirozli holatlar yuzaga keldi: RF QK Liman Perviy va Olshan tomondan janubga yurish boshladi, shuningdek Novoselovkani (atrofni nazorat qilishni osonlashtiradigan tepalikda joylashgan) egallash uchun qat’iy shturm boshladi. Shu bilan birga, Rossiya yurishi bu hududdan janubda — Kreminna o‘rmonzorlari va Torsk yo‘nalishida ham davom ettirildi. Bularning bari birgalikda ukrainlarning Shimoliy Don shimolidagi butun mudofaasini qulatish bilan tahdid soladi.
  • Katta ehtimol bilan, Ukraina QK Kupyansk yaqinidagi qo‘shinlarga yordam uchun zaxira kuchlari yuborishiga to‘g‘ri keladi. Bu yo‘nalishda qo‘shimcha kuchlarning yagona manbayi esa, aftidan, Baxmut frontida, bu yerda Ukraina QK son jihatdan ustunlik qilmoqda.

Baxmut fronti

  • Ukraina QK vayron qilingan shahar shimoliga va shimoli-g‘arbiga hujum qilishni to‘xtatgan, bu hududlarda iyul oyida ular Baxmutning yo‘ldosh shaharlari — Birxovka va Yahidneni ozod etgandi.
  • Ukraina armiyasining asosiy zarbasi janubda, Kleshchiyevka — Andriyivka — Kurdyumovka uchburchagi bo‘ylab berilmoqda. Maqsad — Baxmutdan janubdagi hududlarni egallash, kelgusida — uning sharqiy chekkalariga chiqish, bu yerda Rossiyaning Baxmut yo‘nalishidagi guruhi ta’minoti olib boriladigan asosiy yo‘l joylashgan. Janubda bir necha hafta uzluksiz davom etgan hujumlardan keyin Ukraina QK rossiyaliklarning Kleshchiyevka va Andiriyivkadan g‘arbdagi istehkomlarini egallab oldi, ammo Rossiya artilleriyasining o‘q yomg‘irlari tufayli posyolkalarning o‘zini ozod qila olmayapti. Janglar Kleshchiyevka ichkarisida ham olib borilmoqda, ammo, so‘nggi videolarga ko‘ra, RF qurolli kuchlari hujumlarni qaytarmoqda.
1) Ukraina QK oldinroq egallangan istehkomlaridan hujum qilib, Kleshchiyevkaning g‘arbiy va shimoliy chekkalariga kirgan. Rossiyaliklardan qaytarib olingan bu pozitsiyalar posyolkadan g‘arbdagi tepaliklarda joylashgan. Kleshchiyevka ozod etilishi Ukraina qo‘shiniga Baxmutdan janubdagi hududlarga yo‘l ochadi.
2) RF QK ukrainlarni Kleshchiyevkaning janubiy chekkalaridan surib chiqargan, bu hudud iyul oyi oxirida egallab olingandi.
3) Ukraina QK Baxmutdan janubdagi Andriyivka va Kurdyumovka posyolkalarining g‘arbiy chekkalariga kirib kelgan.
  • Ukraina QK Rossiya guruhlarining front ortiga zarba berib, RF QKning Baxmutdan sharqdagi artilleriyasini yo‘q qilmoqda. Agar ukrain armiyasi rossiyaliklarning o‘t ochish tizimini bostirishga muvaffaq bo‘lsa, Kleshchiyevka va atrofdagi boshqa qishloqlar mudofaasi qulaydi.
  • Rossiya qo‘mondonligi katta qiyinchilik bilan turli bo‘linmalardan operativ guruh tuzishga muvaffaq bo‘ldi, bu «Vagner» XHK Baxmutdan ketgach, frontda hosil bo‘lgan yoriqni yopmoqda. Ammo kuchlar hali ham ukrainlar yurishini ishonch bilan to‘xtatish uchun yetarli emas. Rossiya qo‘mondonligi, katta ehtimol bilan, Ukraina QK qo‘shinlarining bir qismini shimolga — ruslar frontni yorib o‘tishi xavfi yuzaga kelgan Kupyansk atrofiga tashlashidan umid qilmoqda, shundan keyin ukrainlarning Baxmutga yurishi susayishi mumkin. Ukrainlarning boshqa zaxira kuchlari mamlakat janubidagi frontga jalb etilganidan kelib chiqilsa, Ukraina QK Baxmut atrofidagi guruhini zaiflashtirishga majbur bo‘lishini kutish mantiqiy ko‘rinadi.

Ukraina janubi

Iyun oyida Azov dengizigacha yetib borish maqsadida shu amaliyot uchun maxsus tuzilgan 9-korpus va dengiz piyodalari korpusi tomonidan boshlagan yurish muvaffaqiyatsizlikka uchragach, 10-korpus kuchlari ham jangga tashlandi (katta ehtimol bilan, bu kuchlar 9-korpus mudofaani yorib o‘tgan taqdirda, ularning muvaffaqiyatini rivojlantirib, Rossiya mudofaasi ichkarisiga harakatlanishi rejalashtirilgandi). 

Yangi kuchlar bilan ukrain armiyasi ikki yo‘nalishda oldinga siljishga erishdi: 

  • Orixivdan janubda Ukraina QK nihoyat Rabotine posyolkasi hududida RF QKning ilk mustahkamlangan mudofaa chizig‘iga yetib keldi. Ukrain kuchlari ushbu aholi yashash manzili va Verbovoye qishlog‘i o‘rtasidan yorib kirib, sharqdan Rabotine chekkalariga chiqqan. Ammo yurish davomida ushbu posyolkani to‘la ozod etishning iloji bo‘lmagan.
  • Zaporijjya va Donetsk oblastlari chegarasida (Velika Novosilka yo‘nalishi) Ukraina qurolli kuchlari o‘z yurishi frontini kengaytirishga muvaffaq bo‘ldi. Iyunda ukrain kuchlari janub tomon faqat Mokriye Yali daryosining tor vodiysi bo‘ylab yura olgandi, ammo atrofdagi tepaliklarda joylashgan rus qo‘shinlari ukrainlarga yurishni davom ettirishga yo‘l qo‘ymasdi. Endi ukrain qo‘shini Rovnopil tomondan hujum qilish orqali RF qurolli kuchlarini tepaliklardagi pozitsiyalarini tark etishga majbur qildi. Avgust oyi boshida Ukraina QK Staromayorskeni ozod qildi (yoki uning katta qismini — buni aniq aytish uchun videotasdiq yo‘q). 8 avgust kuni ukrain armiyasi qo‘shni Urojayne qishlog‘ini (Mokriye Yali daryosining narigi sohilida joylashgan) shturm qilishga kirishdi. 12-13 avgust kunlari Rossiya armiyasi ushbu hududdan chekinishni boshlagani haqida xabarlar chiqdi. 14 avgust kuni Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar ukrain harbiylari bu hujumda «ma’lum yutuqlarga egaligi»ni ma’lum qildi. U shuningdek ukrain kuchlari Staromayorskedan janub va janubi-sharqda ham ma’lum yutuqlarga erishganini aytgan.
1) Staromayorskeni ozod etgan Ukraina QK Mokriye Yali daryosining boshqa sohilida joylashgan Urojayneni shturm qilishni boshladi.
2) Ukraina QK zaxiralarni jangga tashladi va Rabotine va Verbove oralig‘idagi katta hududni egalladi. Ammo ukrainlarning Rossiya mudofaasi ichkarisiga yurishi to‘xtatilgan.
  • Agar Ukraina QK Staromayorske va Urojayneda mustahkam o‘rnashib qololsa, frontni yanada kengaytirish uchun ularga ma’lum vaqt talab etilishi mumkin: buning uchun Staromayorskedan g‘arbdagi Priyutneni ham ozod etish kerak bo‘ladi. Shundan keyin esa Rossiya mudofaasining birinchi mustahkamlangan chizig‘i joylashgan Staromlinovka yo‘nalishida hujum boshlash mumkin bo‘ladi.
  • Ukrain qo‘mondonligi Staromlinovka uchun jang boshlangunicha Rossiya qo‘shinlari holdan toyishi va artilleriyasining bir qismini yo‘qotishiga aniq ishonmoqda: buning uchun Ukraina QK rossiyaliklarning Staromlinovkaning o‘zi va atrofdagi pozitsiyalariga tinimsiz zarbalar yo‘llamoqda. Agar Rossiya armiyasida «mustahkamlangan liniya»ni himoya qilish uchun yetarli zaxira topilmasa, liniya mustahkamligi — beton konstruksiyalar, tankka qarshi to‘siqlar kosmosdan ham ko‘rinib turadi — katta rol o‘ynamaydi.

Dniproning so‘l sohili

RF qurolli kuchlarining Ukraina janubidagi zaxira kuchlari asosan Qrimdan Dniprogacha bo‘lgan hudud bo‘ylab joylashgan — bu yerlardan ularni temiryo‘l orqali xavf ostida qoladigan istalgan uchastkaga tashlash mumkin. Ukraina qurolli kuchlari Dniproning so‘l sohiliga desant tushirish orqali ruslar Zaporijjya oblastiga zaxira kuchlarini tashlashiga to‘sqinlik qilishga urinmoqda.

  • Iyun oyida Ukraina QK Antonov ko‘prigi vayronalarida platsdarm hosil qilgandi. Bu platsdarmni Rossiyaning Dnipro bo‘yidagi asosiy guruhi joylashgan Oleshki shahridan botqoqliklar va Konka daryosi (Dnipro irmog‘i) ajratib turadi. RF QK harchand urinmasin, bu platsdarmni yo‘q qila olmadi, ammo ukrainlar ham Konkaga yaqinlashib kela olmadi.
Ukrain otryadlari Oleshki yaqinida Konka daryosini (Dnipro irmog‘i) ilk bor kechib o‘tdi. Ularga artilleriya zarbalari yo‘llangan. Platsdarm taqdiri noma’lum. Shuningdek Dniproning yuqori oqimida joylashgan Kazachya Lagerga desant tashlashga urinishlar qayd etilgan. Bu hududdagi hozirgi vaziyat noma’lum bo‘lib qolmoqda.
  • Avgust oyida ukrain armiyasi Konka daryosini Oleshkidan shimol va janubda kechib o‘tdi. Rossiya mudofaasi uchun asosiy xavf shimol Kazachi Lager yaqinida hosil qilingan platsdarmdir. Agar RF QK u yerga zaxira kuchlarini yuborib, platsdarmni yo‘q qila olmasa, ukrain kuchlari kelgusida botqoqliklardan chiqib, Oleshkidan Nova Kaxovkaga olib boruvchi asosiy yo‘lni to‘sib qo‘yishi mumkin. Ammo Ukraina QK bu yo‘nalishda Qrimga yurish qilishi uchun platsdarmlarining ishonchli ta’minotini yo‘lga qo‘yishi va bu sohilda katta kuch to‘plashi kerak. Katta daryo orqali o‘tgan ko‘priklar vayron qilingan va Rossiya artilleriyasi o‘qqa tutib turgan sharoitda esa bu vazifani uddalash o‘ta qiyin.

Mavzuga oid