“Toza ichimlik suvi maktab uchun orzu edi” - akbarobodlik o‘qituvchilar
Farg‘ona viloyati Quva tumani Akbarobod qishlog‘idagi 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 660 nafar o‘quvchi tahsil oladi. 1986 yilda barpo etilgan muassasada shu vaqtga qadar ichimlik suvi muammo bo‘lgan. O‘tgan davrlar mobaynida iste’molga yaroqsiz suv tufayli o‘quvchilar o‘rtasida turli kasallikka chalinish holatlari ham urchigan. Maktabga tashqaridan traktor yordamida suv tashib kelingan. O‘tgan 2022 yilda ta’lim dargohiga toza ichimlik suvi tarmog‘i tortildi.
Direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Bahodir Karimov maktab jamoasi 2022 yilga qadar toza ichimlik suviga muhtoj bo‘lgani haqida so‘zlab berdi.
“Maktabimiz 1986 yilda bunyod etilgan bo‘lsa-da, shu vaqtga qadar ichimlik suvi muammo bo‘lib kelgan. Men ham shu maktabda o‘qiganman. O‘quvchilik paytlarimda toza suv ichish orzu edi.
O‘tgan yilda maktabga toza ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. Bundan o‘quvchi va o‘qituvchilar, ota-onalar xursand. Suv tarmog‘i oshxona, ximiya, biologiya fani laboratoriyalarigacha tortilgan. Bir so‘z bilan aytganda maktab hududida toza ichimlik suvidan iste’mol qilinyapti”, – deydi u.
“12 nafar nevaram 3-maktabda o‘qiydi. Avvallari maktab hududida ichishga yaroqsiz suv iste’mol qilingan. Ota-onalar idishlarga qaynatilgan suv yoki choy to‘ldirib, farzandlarini maktabga jo‘natishgan. Yaratganga shukr, maktabga toza ichimlik suvi tarmog‘i tortildi.
O‘tgan damlarda maktab hududida suv chiqqan. Lekin iste’molga yaroqsiz edi. Suv quvurlari chirib ketgan, zaxob suv aralashgan suvni ichgan odam kasallikka chalinardi. Mana, hozirda maktab o‘quvchilari toza ichimlik suvidan ichishyapti”, – deydi mahalla faoli Hamrali Jarqinov.
Maktab direktorining xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Shaxobiddin Ismoilov maktab ma’muriyati tomonidan toza ichimlik suvi chiqarish uchun ancha harakat qilishgani, avvallari o‘quvchilar kasallikka chalinmaslik uchun uylaridan qaynatilgan suv, choy olib kelib ichishgani, o‘tgan 2022 yilda maktab hududida toza ichimlik suvi tarmog‘i tortib kelingani haqida so‘zladi.
Xodimning qo‘shimcha qilishicha, 1986 yildan beri maktabda iste’molga yaroqli suv bo‘lmagan.
Mavzuga oid
12:10 / 20.11.2024
O‘zbekistonda foydalaniladigan suv resurslari 90 foizi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri kelyapti
08:48 / 08.11.2024
Suv tannarxi oshib ketayotgan hududlar ma’lum qilindi
21:48 / 28.10.2024
Qirg‘iziston qo‘shni davlatlarga qancha suv berayotganini e’lon qildi
12:00 / 26.10.2024