«Uotergeyt ishi»: AQSh tarixidagi eng shov-shuvli siyosiy mojaro haqida
1972 yilda AQShda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida Richard Nikson qayta saylanadi. Biroq uning prezidentligi uzoqqa cho‘zilmadi. Bunga «Uotergeyt ishi» deb nom olgan mojaro sabab bo‘ldi. Prezident iste’fosi bilan yakunlangan siyosiy mojaro qanday kelib chiqqandi?
Hammasi nimadan boshlanadi?
«Uotergeyt» — AQSh poytaxtidagi binolar majmuasi. U yerda mehmonxonalar, kvartiralar, do‘konlar va ofislar joylashgan. 1972 yil 17 iyun kuni politsiya Demokratik partiya shtab-kvartirasi joylashgan Vashingtondagi ushbu majmuaga yashirin tarzda kirgan besh kishini hibsga oladi. Ularning yonidan ikkita kichkina mikrofondan tashqari binoga kirish uchun kalitlar to‘plami va 5300 dollar naqd pul topiladi.
Tergov davomida hibsga olinganlardan biri Jyeyms Makkord prezident Richard Niksonning saylov komissiyasi xodimi ekani, shuningdek, u yaqin o‘tmishda Markaziy razvedka boshqarmasida faoliyat olib borgani aniqlanadi. Qolganlari esa Mayamidan kelgan kubalik muhojirlar edi.
Bosqinchilar eshitish moslamalarini o‘rnatishga, shuningdek Demokratik partiyaning muhim hujjatlarini o‘g‘irlab olib nusxalashga uringan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, ular prezident Niksonning siyosiy raqibi, Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Jorj MakGovernning yozishmalarini suratga olishgan. Ishni tergov qilish FQB direktori o‘rinbosari Mark Felt boshchiligidagi maxsus tuzilgan guruhga topshiriladi.
Bosqinchilik dastlab yakka tartibdagi hodisa sifatida qabul qilingan, ammo keyingi tekshiruvlarda Prezidentni qayta saylash qo‘mitasi (CRP) a’zolari va Nikson ma’muriyatidagi yuqori martabali amaldorlar tomonidan amalga oshirilgan keng qamrovli noqonuniy harakatlar to‘ri aniqlanadi. Shunday qilib kalavaning uchi Oq uy tomonga yetaklar edi.
Qayd etilishicha, 1972 yil 27 yanvarda Prezidentni qayta saylash qo‘mitasining (CRP) moliyaviy maslahatchisi Gordon Liddi, CRP raisi vazifasini bajaruvchi Jeb Styuart Magruder, bosh prokuror Jon Mitchel va prezident maslahatchisi Jon Din Demokratik partiyaga qarshi keng qamrovli noqonuniy faoliyatni amalga oshirish rejasini ishlab chiqadi. Dastlab, bu reja realikka to‘g‘ri kelmasligi va murakkab ish ekani ta’kidlanadi. Ikki oy o‘tgach, rejaning qisqartirilgan versiyasi tasdiqlanadi, jumladan, Vashingtondagi «Uotergeyt» majmuasidagi Demokratik milliy qo‘mitaning shtab-kvartirasidagi saylovoldi tashviqot hujjatlarini suratga olish va telefonlarga tinglash moslamalarini o‘rnatish.
Shu tariqa, prezident Richard Niksonning iste’fosiga sabab bo‘lgan mojaro boshlandi. Bu Amerika ichki siyosati tarixidagi eng shov-shuvli voqea edi.
«Uotergeyt ishi» dastlab Richard Niksonning siyosiy faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmagan va 1972 yil noyabrida u AQShning 37-prezidenti sifatida qayta saylanadi.
«To‘rtinchi hokimiyat»ning ta’siri
1972 yil oktyabr oyida Mark Felt Washington Post gazetasi muxbirlari Bob Vudvord va Karl Bernshteyn bilan yashirincha uchrashib, Oq uyning 1972 yilgi «Uotergeyt» saylov kampaniyasidagi ishtiroki haqida suhbatlashadi. Shundan keyin Washington Post birinchi bo‘lib «Uotergeyt mojarosi» bo‘yicha bir qator tergov materiallarini nashr etadi. Maqolalarda Oq uyning «Uotergeyt»ga aloqasi borligiga shama qilina boshlanadi. Mark Felt esa tungi qo‘ng‘iroqlar va avtoturargohdagi maxfiy uchrashuvlar orqali tergov jarayonida to‘plangan ma’lumotlarni sizdira boshlaydi.
Washington Post muxbirlari Adliya vazirligi, FQB, MRB va Oq uyning yuqori lavozimli amaldorlari bosqin haqidagi ma’lumotlarni yashirishga urinayotganini aniqlaydi. Niksonning qayta saylanish kampaniyasi hisobchisi Judi Hobek Millerdan intervyu olindi. U noto‘g‘ri ishlatilgan mablag‘lar va yo‘q qilingan yozuvlar haqida ma’lumotlarni ochiqlaydi.
Amerikalik tadqiqotchi Samuel Hantington 70-yillarda tashkil etilgan Uch tomonlama komissiya uchun qilingan hisobotida shunday deb yozgan edi: «Nikson ma’muriyati davridagi eng dramatik ichki siyosiy mojarolardan ikkitasi – Pentagon hujjatlari va «Uotergeyt ishi»ning ochilishida mamlakatdagi ommaviy axborot vositalari katta ahamiyat kasb etdi. Amerika tarixidagi hech bir institut, guruh yoki institutlar birlashmasi saylanganiga hali ikki yil ham bo‘lmagan prezidentni lavozimidan uzoqlashtirishda OAV kabi muhim rolni bajarmagan».
Tekshiruvlar va sud jarayoni boshlanishi
1973 yil yanvar oyida tinglovchi apparatlar o‘rnatishga urinishda gumon qilingan shaxslar ustidan sud ishi boshlanadi. Mazkur voqea Amerika uchun juda ayanchli edi. Deyarli barcha «Uotergeyt» bo‘yicha sudni kuzatgan. Ko‘chada ketayotgan odamlar ham oynalar ortidagi televizorlarga tikilib qolgan. Sud zali esa doim to‘la bo‘lgan.
Sud jarayonida ayblanuvchilar va amaldagi prezident Niksonning ikkinchi muddatiga qayta saylanish qo‘mitasi o‘rtasida bog‘liqlik aniqlanadi. Niksonning ishonchli odami Gordon Liddi Demokratik partiya milliy qo‘mitasi shtab-kvartirasiga maxfiy ravishda kirishda aybdor deb topiladi va 4 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilinadi.
Nikson o‘z hokimiyatini saqlab qolishni istaganiga qaramay, mojaro avj olishda davom etadi. Sud jarayonida 21 kishi turli jinoyatlarda, jumladan, prezidentning yaqin maslahatchilari, AQSh bosh prokurori va Niksonning saylov kampaniyasini moliyalashtirish bo‘yicha direktori aybdor deb topiladi. Bunga parallel ravishda demokratlar tashabbusi bilan respublikachilar ma’muriyatining boshqa mansabdor shaxslari faoliyatiga oid qator tekshiruvlar boshlanadi.
1973 yil aprel oyida Oq uyning «Uotergeyt mojarosi»ga aloqadorligi oshkor etilishi ortidan prezident ma’muriyati rahbari Bob Haldeman, prezidentning ichki siyosat bo‘yicha maslahatchisi Jon Erlihman va AQSh bosh prokurori Richard Klendinst iste’foga chiqishga majbur bo‘lishadi. Bir yil o‘tgach, uchalasi ham «Uotergeyt voqeasi» tergoviga to‘sqinlik qilish uchun fitna uyushtirganlikda aybdor deb topiladi va turli muddatlarga qamoq jazosiga hukm qilinadi.
1973 yil iyul oyida Senatning huquqiy ishlar bo‘yicha qo‘mitasi Oq uy «Uotergeyt» mehmonxonasidagi voqea bilan bevosita bog‘liq suhbatlarni yozib olganini aniqlaydi.
Niksonning iste’fosi
1974 yil fevral oyida AQSh Kongressining Vakillar palatasi Niksonga impichment jarayonini boshlashga qaror qiladi. AQSh Oliy sudi Niksondan kassetalarni prokuraturaga topshirishni talab qiladi. Ammo amaldagi prezident buni rad etadi.
1974 yil iyulda Oliy sud bir ovozdan Oq uy prezident va uning yaqin doiralari o‘rtasidagi suhbatlar lentalarini AQSh Kongressidagi tergovchilarga topshirishi kerakligi to‘g‘risida qaror chiqaradi. 1974 yil 5 avgustida Nikson Kongressga ofisdagi suhbatlarining lentalarini beradi. Ulardan ma’lum bo‘lishicha, Oq uy rahbari jinoyatni yashirish bilan shug‘ullangan va ikki yil davomida yolg‘on ma’lumot berish orqali tergov jarayoniga aralashishga uringan.
1974 yil 9 avgustda Nikson Senat qarorini kutmasdan o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqadi. Bu AQSh tarixida prezident o‘z vazifasidan voz kechgan yagona holatdir.
«Kurashdan chekinadigan odam emasman. Lavozimni erta tark etish men uchun juda og‘ir, lekin prezident sifatida Amerika manfaatlarini oldingi o‘ringa qo‘yishim kerak», degan Nikson telekameralar qarshisida.
«Uotergeyt» voqealari ortidan 40 ga yaqin xodim lavozimini suiiste’mol qilganlikda aybladi. Ulardan 25 nafari qamoq jazosiga mahkum etiladi. Nikson tergovni bosti-bosti qilishga, tergovchilarga yolg‘on ma’lumot berishga harakat qilgan. Bu Oq uy arxivida saqlangan audiotasmalar orqali o‘z isbotini topadi. Oradan bir necha yil o‘tib, sobiq prezident AQSh xalqi oldida qilgan xatolari uchun kechirim so‘ragan.
Niksondan so‘ng AQSh prezidentligiga kelgan Jyerald Ford uni afv etadi. Bu qaror katta shov-shuvga sabab bo‘lgan. «Uotergeyt ishi» saylov kampaniyasini moliyalashtirish qonunlarini qayta ko‘rib chiqishga turtki berdi, natijada saylov kampaniyasiga badallar va xarajatlarni tartibga solish uchun Federal saylov komissiyasi (FeC) tashkil etildi. Bundan tashqari, Kongress hukumatdagi shaffoflik va javobgarlikni oshirish uchun keng qamrovli axloq qonunchiligini qabul qiladi.
Mavzuga oid
16:31 / 18.12.2024
Isyonda ayblanayotgan Janubiy Koreya prezidenti politsiya so‘roqiga kelmadi
13:52 / 14.12.2024
Janubiy Koreya prezidentiga impichment e’lon qilindi
16:16 / 07.12.2024
Janubiy Koreya parlamenti prezidentga impichment e’lon qilolmadi
13:39 / 05.12.2024