O‘zbekiston | 16:18 / 24.08.2023
28986
2 daqiqa o‘qiladi

Gaz quyish shoxobchalarida navbatlar yuzaga keldi - Energetika vazirligi munosabat bildirdi

Vazirlikning ta’kidlashicha, metan «zapravka»larga tabiiy gaz to‘liq yetkazib berilmoqda.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda metan «zapravka»larda navbatning uzayib borayotgani, bunga bir qator «zapravka»larning yopiqligi sabab bo‘layotgani, mazkur vaziyat metan gaz narxining oshishidan darak bo‘lishi mumkinligi haqida turli xabarlar tarqalyapti. Energetika vazirligi bunday da’volarni rad qildi. 

Qayd qilinishicha, barcha metan «zapravka»larga avgust oyi uchun ularning talablariga asosan, belgilangan limitga ko‘ra, tabiiy gaz to‘liq yetkazib berilgan. Hech qanday cheklov kiritilmagan. Agar qaysidir metan «zapravka» o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turgan bo‘lsa, demak, bu qandaydir texnik sabablar yoki boshqa bir omil tufayli bo‘lishi mumkin. 

Vazirlikning ta’kidlashicha, metan «zapravka»larda sotiladigan bir kub gaz uchun belgilangan narx oshgani yo‘q. 

«Aholi va boshqa toifadagi iste’molchilar qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda belgilangan muddatlarda tabiiy gaz narxining oshirilishi haqida avvaldan ogohlantiriladi», deyiladi bayonotda. 

Vazirlik agar «zapravka»larda gaz narxi asossiz oshirilsa, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga murojaat qilishni tavsiya etmoqda. 

Mavzuga oid