Jahon | 14:38 / 28.08.2023
5139
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada urush davridagi korrupsiya davlatga xiyonat bilan tenglashtiriladi

Prezident Zelenskiy tegishli qonun loyihasini Oliy radaga taqdim qilmoqchi. Ukraina Jinoyat kodeksida davlatga xiyonat qilganlik uchun 15 yilgacha qamoq jazosi nazarda tutilgan. 

Foto: AP

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy urush davridagi korrupsiyani davlatga xiyonat bilan tenglashtiruvchi qonun loyihasini tayyorlaydi. Bu haqda u 27 avgust, yakshanba kuni kechqurun telemarafon efirida aytib o‘tdi. «Men vazifa qo‘ydim va urush davridagi korrupsiyani davlatga xiyonat bilan tenglashtirish bo‘yicha takliflarim Ukraina qonun chiqaruvchilariga taqdim etiladi. Menimcha, bunday chora jamiyatda doimiy ishlay olmaydi, ammo urush vaqtida bu yordam beradi», - deydi Zelenskiy. 

Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, tegishli qonunchilik tashabbusi keyingi haftada Oliy radaga taqdim etiladi. «Bundan keyin hammasini parlament hal qiladi», deya qo‘shimcha qildi u. 

Zelenskiy korrupsiyani davlatga xiyonat bilan tenglashtirish juda jiddiy vosita bo‘lishiga ishonch bildirdi. «Ammo bu qatag‘on yoki stalinizm emas. Agar dalil bo‘lsa, shaxs panjara ortiga yuborilishi kerak», deb tushuntirdi u. 

Ukrainada davlatga xiyonat uchun jazo 

Ukraina Jinoyat kodeksi davlatga xiyonat qilganlik uchun (111-modda) mol-mulki musodara qilingan yoki musodara qilinmagan holda o‘n ikki yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni nazarda tutadi. 

Ukraina Jinoyat kodeksining korrupsiyaga qarshi moddalaridan biri (368-2-modda - «Noqonuniy boyib ketish») muayyan lavozimlarni egallash yoki shug‘ullanish huquqidan mahrum qilib, besh yildan o‘n yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi. 

Ukraina Moliya vazirligiga ko‘ra, hozir mamlakatda so‘nggi 20 yil ichida korrupsiya darajasi eng past ko‘rsatkichga ega. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid