Jahon | 08:59 / 01.09.2023
6402
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh KXDR tufayli rossiyalik va uning firmasiga qarshi sanksiyalar kiritdi

AQSh Moliya vazirligi «Intellekt» kompaniyasi va uning bosh direktori Sergey Kozlov hamda Shimoliy Koreya fuqarosi Chon Chin Yonga KXDRga ballistik raketalar va ommaviy qirg‘in qurollarini yaratishda yordam bergani uchun sanksiyalar kiritdi.

Foto: RIA Novosti

AQSh Moliya vazirligi Moskvadagi «Intellekt» kompaniyasi va uning bosh direktori Sergey Kozlov hamda Shimoliy Koreya fuqarosi Chon Chin Yonni Shimoliy Koreyaga nisbatan qo‘llangan sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Idoraning 31 avgust kuni e’lon qilingan bayonotida aytilishicha, bu jismoniy va yuridik shaxslar «ommaviy qirg‘in qurollari va ballistik raketalarni noqonuniy ishlab chiqish» bilan shug‘ullanuvchi «KXDRdagi tashkilotlarni bevosita qo‘llab-quvvatlagan yoki daromad keltirishda yordam bergan». Qayd etilishicha, sanksiyalar KXDRning bir hafta oldin ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshni orbitaga olib chiqish bo‘yicha ikkinchi muvaffaqiyatsiz urinishiga javoban kiritilgan.

AQSh vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada yashovchi Jung Chon Chin Yon Kozlov bilan birgalikda Shimoliy Koreyadan kelgan qurilish ishchilarini Rossiyada ish bilan ta’minlashni muvofiqlashtirgan va Kozlov yordamida «kemasozlikda keng qo‘llaniladigan tovarlar» sotib olgan. Bundan tashqari, Chon Chin Yon Rossiyada ishlaydigan Shimoliy Koreya IT-mutaxassislari guruhini boshqargan hamda uning a’zolariga Kozlov xodimlarining qarindoshlari tomonidan taqdim etilgan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlardan foydalangan holda xalqaro IT-frilanser yollash platformalarida akkauntlarni tasdiqlashda yordam bergan. 

AQSh Moliya vazirligi, shuningdek, Chon Chin Yon Moskvada «Intellekt» MChJ va «Vtoraya akademiya yestestvennyx nauk» (Second Academy of Natural Sciences, SANS) soxta kompaniyasi o‘rtasidagi qo‘shma qurilish loyihasiga mas’ul ekanini bildirdi. Ushbu kompaniyaga 2010 yilda AQSh tomonidan «ommaviy qirg‘in qurollari yoki ularni nishonga yetkazish vositalarini tarqatish bilan bog‘liq faoliyatda ishtirok etgani» uchun sanksiya qo‘llangan edi. 

«Intellekt» MChJ 2019 yilda Moskvada ro‘yxatdan o‘tgan. Kompaniyaning ustav kapitali 10 ming rublni tashkil etadi, uning 2022 yildagi daromadi 3 million rubldan oshdi.

Mavzuga oid