Jahon | 08:16 / 02.09.2023
5769
3 daqiqa o‘qiladi

YeI Ukrainaning egallab olingan hududlaridagi «saylovlar»ni qoraladi

Rossiya tomonidan egallab olingan hududlarda o‘tkazilayotgan «saylovlar» noqonuniy va Ukraina suverenitetini buzadi, dedi Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar xizmati matbuot kotibi Peter Stano.

Foto: RIA Novosti

1 sentabr, juma kuni Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar xizmati rasmiy vakili Peter Stano Rossiyaning o‘zi egallab olgan Ukraina hududlarida «mintaqaviy dumalar» va «munitsipal kengashlar»ga o‘tkazayotgan «saylovlari»ni qoralab chiqdi. Soxta saylovlar «xalqaro huquq va Ukraina suverenitetining yana bir qo‘pol buzilishidir. Qrim, Xerson, Zaporijjya, Donetsk, Luhansk – bularning barchasi Ukraina!» deb yozdi Stano X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida. U bu «saylov»ga aloqadorlar javobgarlikka tortilishiga va’da berdi

Rossiya Markaziy saylov komissiyasi ovoz berish boshlanganini ma’lum qildi 

Rossiya Markaziy saylov komissiyasi shu kuni avvalroq egallab olingan hududlarda muddatidan oldin «ovoz berish» boshlanganini e’lon qildi. Rossiya MSK ma’lumotlariga ko‘ra, 1 sentabrdan boshlab «DXR» va «LXR» deb ataluvchi hududlar, shuningdek, «uyidan uzoqda» joylashgan Zaporijjya va Xerson viloyatlarining qo‘shib olingan qismlari fuqarolari Rossiyaning 81 ta hududida ochilgan «ekstraterritorial saylov uchastkalarida» ovoz berishi mumkin. «To‘rtta yangi sub’yekt hududida tashkil etilgan saylov uchastkalarida infratuzilmani tiklash bo‘yicha u yerda ishlayotgan boshqa mintaqalar aholisi ovoz beradi», — deya qo‘shimcha qildi komissiya. «DXR» hududlari va Zaporijjya viloyatining frontga tutash egallab olingan qismida 31 avgust kuni ovoz berish boshlandi. 

Bu - Ukraina sharqida saylovlarni tashkil qilish uchun ishlab chiqilgan yagona yangilik emas. Masalan, mahalliy aholi Ukraina pasportlari yoki hatto haydovchilik guvohnomalari yordamida ovoz berishi mumkin bo‘ladi. Aksariyat saylovchilar esa «nomzodlar» haqida saylov uchastkalariga kelgandagina xabar topyapti. Mahalliy «saylov komissiyalari»ga «nomzodlar» ro‘yxatini ism-shariflari bilan e’lon qilmaslikka ruxsat berildi. Ukraina Xavfsizlik xizmati Rossiya egallab olgan hududlardagi «saylovlari»da faol ishtirok etish holatini kollaboratsionizm va davlatga xiyonat deb baholashini bildirdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid