O‘zbekiston | 08:38 / 05.09.2023
58442
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Sherali Jo‘rayev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi 

Prezident Shavkat Mirziyoyev va hukumat vakillari O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Milliy qo‘shiqchilik san’atining atoqli namoyandasi, ustoz san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev shu yil 4 sentabr kuni 77 yoshida vafot etdi.

Sherali Jo‘rayev 1947 yil 12 aprelda Andijon viloyatining Asaka shahrida tug‘ildi. 1971 yilda Toshkent teatr va rassomchilik san’ati instituti (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti)ni tamomlab, mehnat faoliyatini “Shodlik” ashula va raqs ansamblining xonandasi sifatida boshladi. Ko‘p yillar Andijon viloyati filarmoniyasi, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi kabi ijodiy tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatib, xalqqa sidqidildan xizmat qildi.

Sherali Jo‘rayev o‘zining noyob  iste’dodi, betakror ovozi va yuksak ijro mahorati bilan yuzlab yorqin qo‘shiqlar yaratib, xalq o‘rtasida munosib obro‘-e’tibor topdi. Mumtoz va zamonaviy adabiyotning ko‘plab she’riy namunalarini kuyga solib, o‘zbek qo‘shiqchilik san’atining “oltin fondi”ni boyitishga beqiyos hissa qo‘shdi.

Sherali Jo‘rayev ko‘p yillik samarali ijodi bilan zamonaviy milliy san’at va madaniyatni rivojlantirish, uning shuhratini chet ellarda keng targ‘ib etish borasida ham fidoyilik ko‘rsatdi. U jamoat ishlarida ham faol ishtirok etdi. Milliy parlament deputati sifatida mustaqillikning ma’naviy asoslarini mustahkamlash, xalq, avvalo, yosh avlodni vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasida jonbozlik bilan faoliyat olib bordi.

Keyingi yillarda “Vatandoshlar” jamoat fondining Vasiylik kengashi raisi vazifasida samarali mehnat qilib, xorijiy davlatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashda munosib xizmat qildi.

Mohir san’atkor o‘zbek milliy qo‘shiqchiligida o‘z ijodiy maktabini yaratib, ko‘plab yosh iste’dod egalarini tarbiyaladi.

Sherali Jo‘rayevning milliy san’at va madaniyatni rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist”, “O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvonlari, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofoti, “Fidokorona xizmatlari uchun” va “El-yurt hurmati” ordenlari bilan mukofotlangan edi.

Mavzuga oid