11:12 / 07.09.2023
4972

Zelenskiy Kiyevda Blinken bilan uchrashdi

Ukraina rahbari Blinkenga, xususan, harbiy va energetika sohalarida ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorchilik bildirdi.

Foto: Reuters

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Kiyevga tashrifi doirasida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashdi.

Bu haqda AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati xabar berdi.

Ukraina rahbari Blinkenga, xususan, harbiy va energetika sohalarida ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorchilik bildirdi. Zelenskiy Ukrainani og‘ir qish kutayotganini ta’kidladi, biroq u mamlakat xalqi undan eson-omon chiqib olishiga ishonch bildirdi.

«Prezident Bayden mendan sa’y-harakatlarni maksimal darajada oshirish va boshqa davlatlar ko‘magiga ishonch hosil qilish, shuningdek, Ukrainaga kuch yaratishda yordam berish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish uchun qo‘llab-quvvatlovimizni takrorlash maqsadida borishimni so‘radi», dedi Blinken.

Uning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaning qarshi hujumida katta muvaffaqiyatlarni ko‘ryapti. Shuningdek, u AQSh prezidenti Jo Bayden ham Zelenskiy bilan uchrashishni intiqlik bilan kutayotganini aytdi.

«Mavjud bo‘lgan bir qator masalalarni muhokama qilishni intiqlik bilan kutyapman va bilamanki, prezident sizni tez orada ko‘rmoqchi», — dedi davlat kotibi.

Mavzuga oid
Top