Jahon | 09:32 / 08.09.2023
4736
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik tadbirkor AQShda 9 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi

Vladislav Klyushin kiberfiribgarlikda aybdor deb topildi. Tadbirkorning himoyasi hukm ustidan shikoyat qilmoqchi. Boston sudi Rossiya fuqarosidan 34 million dollar undirishga qaror qildi.

Vladislav Klyushin Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Boston (Massachusets shtati) sudi 7 sentabr, payshanba kuni rossiyalik tadbirkor Vladislav Klyushinni 9 yilga ozodlikdan mahrum qildi, deb xabar berdi AQSh Adliya vazirligi. Erkak kiberfiribgarlikda aybdor deb topildi. Bundan tashqari, sud Rossiya Federatsiyasi fuqarosidan 34 million dollar (31,7 million yevro) undirish va uning faoliyatidan ko‘rilgan zararni qoplash haqida qaror chiqardi, bu summa miqdori keyinroq aniqlanadi.

Ayblov Klyushinni 14 yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘radi. Tadbirkorning himoyasi hukm ustidan shikoyat qilmoqchi, dedi Rossiya Federatsiyasi fuqarosining advokati Maksim Nemsev.

Yana 4 nafar gumonlanuvchi qidiruvga berilgan 

Kiberfiribgarlik ishi bo‘yicha yana to‘rt nafar gumonlanuvchi bor - Ivan Yermakov, Nikolay Rumyansev, Mixail Irzak va Igor Sladkov. Ular AQSh hukumati tomonidan qidiruvga berilganlar ro‘yxatiga kiritilgan. Tergovga ko‘ra, besh gumonlanuvchi o‘g‘irlangan korporativ ma’lumotlardan foydalangan holda o‘n millionlab dollarlik yirik insayder savdolarini uyushtirgan. 

Vladislav Klyushin 2021 yilda Shveytsariyada qo‘lga olingan, keyin esa AQShga ekstraditsiya qilingan. Tadbirkorning himoyasi uning hibsga olinishi ustidan bir necha bor murojaat qilgan. Fevral oyida AQSh hakamlar hay’ati uni bir qator kompaniyalar haqidagi maxfiy ma’lumotlarni olish va sotish maqsadida kompyuter tarmoqlariga buzib kirishda aybdor deb topdi. 

Vladislav Klyushin Rossiya rasmiylari bilan hamkorligi orqali tanilgan. U Rossiya Federatsiyasi prezidenti ma’muriyati uchun «Katyusha» ommaviy axborot vositalari monitoring tizimini ishlab chiqqan «M 13» Moskva kompaniyasining asoschisi edi. Bloomberg agentligining yozishicha, Klyushin Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh boshqarmasi hujjatlaridan foydalanish imkoniga ega bo‘lgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid