O‘zbekiston | 20:20 / 12.09.2023
7615
2 daqiqa o‘qiladi

«Andijon» aeroportida yangi aerodrom majmuasi qurilishi boshlandi

Rekonstruksiya doirasida uchish-qo‘nish yo‘lagi uzaytiriladi va kengaytiriladi, yangi perron quriladi. 

Foto: Uzbekistan Airports

«Andijon» xalqaro aeroportida yangi aerodrom majmuasi qurilishining birinchi bosqichi boshlandi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi. 

Rekonstruksiya doirasida yangi aerodrom majmuasi, jumladan, uzunligi 3400 metr va eni 60 metr bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi, yurish yo‘laklari, samolyotlar uchun yettita to‘xtash joyiga ega perron qurilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, aerodrom majmuasida barcha turdagi havo kemalarini tungi vaqtda va og‘ir ob-havo sharoitida qabul qilish/jo‘natish imkonini beruvchi ICAO ikkinchi (CAT-II) toifali zamonaviy yoritish moslamalari o‘rnatiladi. 

Loyiha 2023-2024 yillar davomida amalga oshiriladi. 

Qayd qilinishicha, hozirgi aeroportning uchish-qo‘nish yo‘lagi uzunligi 2985 metr va eni 44 metr bo‘lib, yo‘l qoplamasining yuk ko‘tarish qobiliyati pastligi, shuningdek, zamonaviy yoritish tizimining yo‘qligi sababli ko‘plab turdagi samolyotlarni qabul qilishda va tunda faoliyat olib borishda cheklovlar mavjud.

Mavzuga oid