Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Svet nega ko‘p o‘chadi, muammo nimada?
Tarmoqlar eskirgani tufayli O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini iste’molchiga yetkazib berishdagi yo‘qotishlar 20-25 foizgacha yetadi. Rivojlangan mamlakatlarda esa bu ko‘rsatkich 7-8 foizni tashkil qiladi. Uzilishlarga barham berishning yagona yo‘li – butun eskirgan tizimni yangilash va modernizatsiya qilish. Elektr va gaz tariflarida bozor tamoyillarining joriy qilinishi esa tizimni modernizatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni jalb etishga yordam beradi.
Elektr uzilishlariga asosiy sabab nimada?
Tarmoqlarning haddan tashqari eskirganligi. Yoz yoki qish faslida xonadonlarda tez-tez tok o‘chib qolishining asosiy sababi aynan shu omilga bog‘liq. Ishonish qiyin, biroq respublikadagi mavjud elektr uskunalarining 40 foizdan ortig‘i eskirgan. Misol uchun, elektr uzatish tarmoqlarining 46 foizi, podstansiyalarning 51 foizi, transformator punktlarining esa 100 tadan 36 tasi o‘z hayotini yashab bo‘lgan. Aynan shuning uchun qattiq sovuq yoki qattiq issiq bo‘lsa, darrov qayerlardadir “svet” o‘chib qoladi. Bu esa odamlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lyapti.
Tarmoqlarning eskirgani tufayli ishlab chiqarilgan elektr energiyasini iste’molchiga yetkazib berishda ham yo‘qotishlar ko‘p bo‘lmoqda. Agar rivojlangan davlatlarda bu miqdor 7-8 foizni tashkil qilsa, O‘zbekistonda 20-25 foizgacha yetadi.
Bu nima degani? Aytaylik, joriy yilda 70 milliard kWh elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Tarmoqning eskirgani tufayli uning 14–17,5 milliard kWh hajmdagisi iste’molchiga yetib bormayapti.
Yo‘qotilayotgan mazkur 14 milliard kWh elektr energiyasi esa bir oyda o‘rtacha 200 kWh tok yoqadigan 5 million 833 mingtadan ortiq iste’molchining 1 yillik iste’moliga teng.
Iste’molning keskin ortishi. Oxirgi yillarda juda ko‘p yangi turar joylar qurildi. Ko‘pchilik eski uyini buzib, kimdir ikki, yana kimdir uch qavatli, kamida 10-15 ta xonali uy-joy qurib oldi. Biroq o‘sha hududlarning aksariyatida transformatorlar, elektr simlari eskiligicha qoldi. Bundan 30-40 yil oldin bitta transformator hududdagi uylarda yoqiladigan o‘rtacha 3-4 mingta lampochka, har bitta xonadon uchun bitta televizor, bitta changyutgich va bitta sovitkich hisobga olinib o‘rnatilgan edi.
Qurilishlarning ortishi fonida o‘sha transformator 10-15 mingta lampochka, aksariyat xonadonlardagi 2 ta televizor, 2 ta xolodilnik, 2 ta konditsioner, kompyuter, mikroto‘lqinli pech, noutbuk, 10 tagacha mobil telefonlar, changyutgich, kir yuvadigan mashina va boshqa zamonaviy elektr jihozlarini yoqish uchun elektr energiyasi yetkazib berishga majbur bo‘lyapti. Sodda qilib aytganda, 50 kilo yuk ko‘tara oladigan odamning ustiga 250 kilogacha yuk tashlab qo‘yilib, undan buni ko‘tarish talab qilinyapti.
Qanday ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan?
Tizimdagi nosozliklarga barham berish uchun tarmoqda chuqur modernizatsiyalash ishlarini olib borish lozim. Ammo bu juda qiyin ish. Chunki svet o‘chishiga to‘liq barham berish tizimli va uzoq vaqt talab qiladigan jarayon. Xususan, 2030 yilga qadar katta kuchlanishni ko‘tara oladigan 9 ming 885 kilometr elektr simlari va umumiy quvvati 37 ming 290 megavatt-amper bo‘lgan 53 ta podstansiya qurilishi belgilangan. Bu ishlab chiqarilgan elektr energiyasining atigi 5-6 foiz yo‘qotish bilan iste’molchiga yetib borishini ta’minlaydi. Natijada bugun yo‘qotilayotgan energiyasining katta qismi saqlanib qoladi.
Shuningdek, jami uzunligi 6 ming 195 kilometrdan iborat 500 kilovoltli va 3 ming 690 kilometrli 220 kilovolt quvvatga mo‘ljallangan elektr uzatish kabellari, shuningdek, umumiy quvvati 26 ming 640 megavatt-amper bo‘lgan 22 ta, umumiy quvvati 10 ming 650 megavatt-amper bo‘lgan 31 ta podstansiyalar, umumiy quvvati 2 ming 918 megavatt bo‘lgan energiya saqlovchi (batareya) qurilmalari qurilishi rejalashtirilgan. Buning natijasida esa tarmoqlardagi uzilishlarga to‘liq barham berilishi ko‘zda tutilgan. Chunki bu yumushlarning amalga oshirilishi orqali elektr uzatish tarmoqlarining uzunligi 90 foiz oshirilib, umumiy uzunligi 22 ming kilometrga, yuqori quvvatli podstansiyalar soni 62 foiz oshirilib, 138 taga yetkaziladi.
Shu bilan birga, 2023–2030 yillarda respublika hududlarida 0,4-110 kilovolt kuchlanishli taqsimlash elektr tarmoqlarini yangilash hamda modernizatsiya qilish dasturi bo‘yicha 109 ming 858 kilometr elektr uzatish tarmoqlarini, 52 ta 35-110 kilovolt quvvatga ega podstansiyalarni va 34 ming 908 ta transformator punktini yangilash rejalashtirilgan. Bu ishlar yakuniga yetgach, respublikadagi 7,4 million iste’molchining 3,5 milliondan ortig‘ida elektr ta’minoti yaxshilanadi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, uzilishlarga barham berishning yagona yo‘li – butun eskirgan tizimni yangilash va modernizatsiya qilish. Buning uchun esa sohaga qo‘shimcha mablag‘ kiritish zarur, aholini energiya resurslaridan oqilona foydalanishga o‘rgatish kerak. Elektr va gaz tariflarining o‘sishi, o‘z navbatida, bir tomondan, tizimni modernizatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni jalb etishga yordam bersa, ikkinchi tomondan, aholini elektr energiyasini tejashga o‘rgatib boradi.
Chunki energiyadan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilmas ekan, energiya manbalarini ishlab chiqarish qanchalik ko‘paytirilmasin, ortib borayotgan talabni qondirish mushkul vazifa bo‘lib qolaveradi.
Mavzuga oid
17:36 / 26.05.2026
Gaz va elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov qilinganda 2 oy eski tariflar amal qiladi
13:18 / 15.05.2026
1 iyundan elektr energiyasi va tabiiy gazning yangi tariflari joriy etiladi
21:41 / 05.05.2026
Qozog‘iston 2027 yilda Rossiyadan elektr energiyasi olishni to‘xtatadi
12:57 / 07.04.2026