Geosiyosiy intriganing yangi bosqichi: Janubiy Kavkazda nimalar bo‘lyapti?
Rossiya propagandasi Moskvadan yuz o‘girgan Armanistonga qarshi “yangi front” ochdi. Yerevan NATOga yaqinlashish asnosida, AQShdan Qorabog‘ bo‘yicha iliq munosabat umid qilayotgandek ko‘rinmoqda. Ayni paytda, Ozarboyjonning butun turkiy dunyo, Yevropa va Xitoy manfaatiga ishlaydigan Zangezur koridorini kuch bilan bo‘lsa-da ochish da’vosiga javoban, Eron bunga rozi bo‘lmasligini bildirdi.
Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturi Janubiy Kavkazda ro‘y berayotgan transformatsiya jarayonlarini siyosatshunoslar Suhrob Bo‘ronov va Kamoliddin Rabbimov ishtirokida tahlil qildi.
— Qorabog‘ mojarolari 2020 yildagi urushdan keyin yakun topgandek edi. Lekin bugun yana jonlandi, nafaqat harbiy, balki diplomatik chiqishlar ham bo‘lib turibdi. Bu masalaning kun tartibiga chiqishiga nimalar sabab bo‘ldi?
Suxrob Bo‘ronov: Janubiy Kavkaz geostrategik jihatdan jahon siyosatida muhim rol o‘ynaydi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi va Rossiya-Ukraina urushidan so‘ng o‘ziga xos transformatsiya jarayoni boshlandi bu hududda. Bu transformatsiya Rossiyaning mintaqadagi zaiflashuvi bilan belgilanadi. Armaniston o‘z tashqi siyosat vektorida Rossiyadan uzoqlashish yo‘lidan boryapti. Armaniston bosh vaziri ham yaqinda bergan intervyusida mamlakatning tashqi siyosat asosiy vektori Rossiya bo‘lganini xato bo‘lgan, dedi.
Buning ustiga Armaniston KXShTdan vakilini chaqirib oldi. AQSh bilan harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishni kelishib ham oldi. Bundan tashqari, Xalqaro jinoiy sudning hujjatlarini ratifikatsiya qilish uchun parlamentga yubordi. Umuman, Armaniston tashqi siyosatda vektorlarini keskin o‘zgartiryapti. Shu omillar ham konfliktlarga qaysidir ma’noda sabab bo‘lyapti deyish mumkin.
Kamoliddin Rabbimov: Qorabog‘dagi prezidentlik saylovini dunyo davlatlari, shuningdek, Rossiya ham tan olmadi. Lekin saylovning o‘tishi yangi geosiyosiy o‘yin boshlanganini bildiradi. 40 kunlik urushda Armanistonning yutqazishi Yerevandagi elita tomonidan juda og‘riqli qabul qilingan edi. Bundan keyin mintaqaviy qudratli kuchlar bo‘lmish Turkiya, Xitoy va Rossiya ishtirokida Qorabog‘ni beramiz, degan tafakkur uyg‘ongandi. Ammo bugun ularda yangi bir umid paydo bo‘lyapti. Suxrob aytganidek, Rossiyadan uzoqlashyapti, chunki kuchli arazlagan. O‘sha vaqtda Rossiya hukumati ham aralashmadi va Qorabog‘ Ozarboyjonga tegishli deb tan oldi. Balki Armaniston Qorabog‘ masalasida kollektiv G‘arbdan qandaydir umid qilayotgandir. Lekin menimcha, buning iloji yo‘q. Chunki asosiy o‘yinchi bo‘lmish AQSh saylovni mutlaq tan olmadi va bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Agar tan olsa, AQSh va kollektiv G‘arb uchun ziddiyatli vaziyatlar ko‘payib ketadi.
— Rossiya Armanistondagi ta’sirini to‘laqonli yo‘qotdi, deyishimiz mumkinmi?
Kamoliddin Rabbimov: Menimcha, Rossiya ta’sirini yo‘qotdi. Pashinyan hokimiyatga ko‘cha to‘ntarishi bilan keldi va Putinga yaqin bo‘lgan siyosiy elitani hokimiyatdan yiqitdi. Rossiya propagandasi ham uni G‘arbning odami deb talqin qiladi. Qorabog‘ masalasida Putin Armanistonni qo‘llamagani uchun sovuqchilik yanada kuchaydi. Umuman, Rossiya bitta Armaniston uchun butun turkiy davlatlarga, Xitoy manfaatlariga qarshi borishi ehtimoli kam edi.
Pashinyan Rossiyaga qayta yuzlanmaydi va G‘arbga intilishda davom etadi deb o‘ylayman. Hozirgi kunda umumiy Armaniston siyosiy elitasida ham Rossiyaga nisbatan salbiy munosabat bor, faqat Pashinyanda emas.
Suxrob Bo‘ronov: NATOning taraqqiyot bo‘yicha Yevropa qo‘mitasining prezidenti Armanistonni NATO tarkibiga qo‘shish mumkin, degan fikr bildirdi. Umuman, NATOning bir qancha operatsiyalarida Armaniston kuchlari ishtirok etgan, bu tomondan olib qaralsa, G‘arb bilan aloqalari kuchli.
Rossiya, Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi uch tomonlama shartnomani Rossiya tomoni o‘rtaga chiqarishi mumkin. Unga ko‘ra, 2025 yilgacha Rossiya o‘z harbiylarini Lochin koridorida saqlab turishi mumkin. Bundan tashqari, Armaniston KXShTdan butunlay chiqib ketganicha yo‘q. Putin mana shu vositalardan foydalanishga harakat qilishi mumkin.
— Ilhom Aliyev bir chiqishida tarixda Armaniston davlati bo‘lmagan degan fikrni aytdi. Buni qanday tushunish kerak?
Kamoliddin Rabbimov: Bu gaplar faqat geomafkuraviy ahamiyatga ega. Armanistonga tahdid emas, bunday mafkuraviy aytishuvlar ko‘p bo‘lgan oldin ham. Armanlar bu hududda tarixan yashab kelgan. Ozarboyjonning sobiq prezidenti Haydar Aliyev ham Qorabog‘ Ozarboyjonning yeri ekani, lekin tarixan etnik armanlar yashab kelganini aytgan. Shu bilan birga, xalqaro qonunchilikka ko‘ra, Qorabog‘ Ozarboyjonniki, masala ayon.
Hech bir xalq bitta hududda yashamagan. Tsivilizatsiyalar kengaygan yo toraygan paytda siljishlar bo‘lgan. Turkiy sivilizatsiya kuchli bo‘lgan davrlarda Qorabog‘da ozarboyjonlar ham yashagan, armanlar ham.
Suxrob Bo‘ronov: Fikrimcha, Ilhom Aliyevning bunday bayonot berishidan maqsad – Zangezur koridorining asosiy qismiga ta’sir ko‘rsatish. Agar bu borada Armaniston bilan kelishuv bo‘lmasa, yo‘lakni kuch bilan bo‘lsa ham ochamiz, degan gap bor. Hududiy yaxlitligiga tahdid emas, masala ayni shu koridor yo‘lagi haqida ketyapti. Ammo baribir Ozarboyjon bunda ham keskin qadamlar tashlamasa kerak.
To‘liq suhbatni video shaklida tomosha qiling.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
16:56
Turkiyaga me’yordan ortiq tamaki mahsulotlarini olib kirgan o‘zbekistonliklar qamoqqa olinmoqda
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
00:59 / 21.11.2024
Ozarboyjon 2025 yilgi mudofaa xarajatlarini oshiradi
18:21 / 20.11.2024