Jahon | 09:00 / 01.06.2026
5013
2 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko: “Ukrainadagi voqealar Armaniston uchun saboq bo‘lishi kerak”

Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Armaniston fuqarolarini parlament saylovlari arafasida ehtiyotkor bo‘lishga chaqirib, mamlakat Ukrainada yuz bergan voqealarga o‘xshash yo‘ldan bormasligi kerakligini ta’kidladi.

Foto: RIA Novosti

Aleksandr Lukashenko 29 may kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) sammitida so‘zga chiqib, Armaniston fuqarolarini “juda ehtiyotkor bo‘lishga” chaqirdi.

“Xudo saqlasin, Ukrainada sodir bo‘lgan voqealar takrorlanmasligi uchun juda ehtiyotkor bo‘lish kerak”, — dedi Lukashenko. Uning so‘zlari “Pul Pervogo” Telegram-kanalida e’lon qilingan.

Belarus rahbari Ukrainadagi inqiroz “aynan shunday boshlangani”ni ta’kidlab, bu borada Rossiya prezidenti Vladimir Putinning fikrlarini takrorladi. Putin ham Ostonadagi matbuot anjumanida Ukrainadagi inqirozning boshlanishini Kiyevning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish istagi bilan bog‘lagan edi.

Lukashenko arman saylovchilarini Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashish masalasida jiddiy o‘ylab ko‘rishga chaqirdi.

“Men ularni faqat shu narsaga chaqiryapman. Xalq o‘z fikrini bildirsa, biz bu qarorni qabul qilamiz”, — dedi u.

Armaniston bosh vaziri o‘rinbosari Mger Grigoryan esa mamlakatning Yevropa Ittifoqi va YeOII o‘rtasida tanlov qilishi haqidagi savolga hozircha bunday ssenariy ko‘rib chiqilmayotganini bildirdi.

“Bu masala kun tartibiga jiddiy qo‘yilsa, aniq muhokamalar o‘tkaziladi. Zarur bo‘lsa, barcha xavf va oqibatlar baholanadi. Hozircha esa bunday ssenariyni ko‘rib chiqmayapmiz”, — dedi u.

Avvalroq YeOIIga a’zo davlatlar rahbarlari qo‘shma bayonot qabul qilib, Armanistondan Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish va YeOIIda qolish masalasi bo‘yicha referendum o‘tkazishni talab qilgan edi.

YeOII tarkibiga Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kiradi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa Yerevan ittifoqdan chiqishga qaror qilsa, bu iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini bildirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid