O‘zbekiston | 11:55 / 17.09.2023
18201
2 daqiqa o‘qiladi

Olim Naim Karimov vafot etdi

Uning ilmiy izlanishlari, asosan, XX asr o‘zbek adabiyotini o‘rganish, jadid adiblari - Cho‘lpon, Fitrat, Hamza ijodi bilan bog‘liq edi.

Akademik, adabiyotshunos olim, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Naim Karimov 91 yoshda vafot etdi. Bu haqda uyushma matbuot xizmati xabar berdi.

Naim Karimov 1932 yil 12 dekabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1955 yilda O‘rta Osiyo davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) filologiya fakultetini tamomlagan.

1990 yildan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida bo‘lim mudiri bo‘lib ishlagan. 1993 yilda unga filologiya fanlari doktori ilmiy darajasi, 1994 yilda esa professor ilmiy unvoni berilgan. 1996 yilda O‘zbekistan Respublikasi fan arbobi bo‘lgan.

Naim Karimov XX asr o‘zbek adabiyoti taraqqiyoti xususiyatlarini ochish borasida ilmiy tadqiqotlar olib borgan. U shu davrdagi o‘zbek adabiyoti va uning yirik vakillari ijodini milliy g‘oya mezonlari asosida o‘rganish ishini birinchilardan bo‘lib boshlab bergan.

Naim Karimov Oybek, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Hamzaning ko‘p jildli akademik nashrlarini tayyorlash va nashr etishda ishtirok etgan. O‘rta maktab o‘quvchilari va oliy o‘quv yurti talabalari uchun o‘zbek adabiyotidan darsliklar yozgan.

Naim Karimov O‘zbekiston ma’rifatparvarlar jamiyati raisi (1999 yildan). Mustamlakachilik davri qurbonlari xotirasini abadiylashtirish komissiyasi va «Shahidlar xotirasi» xayriya jamg‘armasi kengashi raisi (1999 yildan), «Qatag‘on qurbonlari xotirasi» muzeyi direktori (2002 yildan).

Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1985). «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangan (1999).

Kun.uz marhumning oilasi va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.

Mavzuga oid