O‘zbekiston | 07:24 / 18.09.2023
6736
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Naim Karimov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Akademik Naim Karimov shu yil 17 sentabr kuni 91 yoshida vafot etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev va hukumat a’zolari akademik Naim Karimov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
 
Filologiya fani sohasida atoqli olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Naim Karimov shu yil 17 sentabr kuni 91 yoshida vafot etdi.

N.Karimov 1932 yil 12 dekabrda Toshkent shahrida tug‘ildi. 1955 yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti)ni tamomlab, ushbu oliy ta’lim muassasasining aspiranturasida tahsil oldi.

O‘z mehnat faoliyatini 1958 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti (hozirgi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti)da kichik ilmiy xodim sifatida boshlagan olim ko‘p yillik ilmiy-ijodiy faoliyati davomida mazkur institutda katta va yetakchi ilmiy xodim, bo‘lim mudiri vazifalarida ishladi. 1962 yilda nomzodlik, 1993 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2002 – 2008 yillarda “Shahidlar xotirasi” xayriya jamg‘armasi raisi hamda “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi rahbari, 2008 yildan ushbu muzeyning yetakchi ilmiy xodimi sifatida mehnat qildi.

N.Karimov XX asr o‘zbek adabiyotini o‘rganish bo‘yicha keng qamrovli fundamental tadqiqot va izlanishlar olib borib, ushbu yo‘nalishda o‘ziga xos maktab yaratdi. Ma’rifatparvar jadidlarning hayoti va faoliyati, XX asr o‘zbek adabiyotining atoqli namoyandalari ijodiga bag‘ishlangan ko‘plab monografiya va tadqiqotlari, ma’rifiy romanlari hamda mingdan ortiq ilmiy maqolalari, qator darslik va o‘quv qo‘llanmalari adabiyotshunoslik faniga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi. 

Ilm-fan sohasidagi ko‘p yillik samarali xizmatlari uchun 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.

Olimning mustabid tuzum yillarida qatag‘on etilgan fidoyi ziyolilarimizning ibratli hayoti va faoliyatini har tomonlama o‘rganish, ularning ilmiy-ma’rifiy merosini ommalashtirish borasidagi xizmatlari nafaqat yurtimizda, balki xorijiy mamlakatlar ilmiy jamoatchiligi tomonidan ham e’tirof etilgan.

Serqirra olim jahon adabiyotining bir qator sara asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilish barobarida, tarixiy mavzularda yigirmaga yaqin hujjatli filmlarni yaratishda ham faol ishtirok etdi.

Uning bevosita rahbarligida ko‘plab fan nomzodlari va doktorlari tayyorlangan.

Akademik N.Karimovning mamlakat ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvonlari, “El-yurt hurmati” ordeni hamda O‘zbekiston Respublikasining Davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan edi.

Mavzuga oid