O‘zbekiston | 16:38 / 18.09.2023
9079
3 daqiqa o‘qiladi

Energetika mutaxassisi elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi xarajatlarni ochiqlashga chaqirdi

Germaniyada faoliyat yuritadigan o‘zbekistonlik energetika mutaxassisi Ravshan Xo‘janov elektr energiyasi aholiga arzon narxda yetkazib berilayotganini ko‘rsatish uchun narx zanjirini ochiqlash kerakligini aytdi. Avvalroq energetika vaziri xonadonlarga 295 so‘mdan yetkazib berilayotgan elektr energiyasi tannarxi 800 so‘mdan ko‘proqligini ma’lum qilgandi.

Energetika sohasi mutaxassisi Ravshan Xo‘janov Kun.uz'ga bergan intervyusida O‘zbekiston energetika tizimida shaffoflikni oshirish orqali aholining sohadagi holatni obektiv baholashiga imkon berish zarurligi haqida fikr bildirdi.

“Aholiga bu narsani to‘g‘ri yetkazib berish uchun, yetkazib berilayotgan elektr energiyasining “A”dan “Z”gacha bo‘lgan zanjirdagi barcha xarajatlari ko‘rsatib berilishi kerak. Aholi: “Elektr energiyasini ishlab chiqarish haqiqatan ham shunday ekan, orada “Hududiy elektr tarmoqlari” shunchaga sotib olarkan, u o‘zining xizmati uchun buncha foiz qo‘yarkan va menga shuncha bo‘lib yetib kelarkan”, desa, ya’ni raqamlarni shaffof tarzda ko‘rsa, xalqimiz bunga yaxshi ko‘z bilan qarashadi.

Mavhum narsaga nisbatan esa “balki, elektr energiyasining narxi 100 so‘m bo‘lishi mumkin”, deyish mumkin-da. Shu narsalarni bosqichma-bosqich ochib berish kerak.

Adashmasam, oxirgi marta elektr energiyasining narxi 2019 yilda oshgan. Ba’zi sabablar, pandemiya sabab narxlar ko‘tarilmadi. Agar 2023 yilgacha har yili odatiy tarzda oshirilib kelganida taxminan 600 so‘m bo‘lardi. Elektr energiya narxi arzon bo‘lganidan keyin tejashga bo‘lgan rag‘bat, xatti-harakat bo‘lmaydi”, – deydi Xo‘janov.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov aholiga 295 so‘mdan yetkazib berilayotgan 1 kWh elektr energiyasining tannarxi 800 so‘mdan oshiqqa tushayotganini aytgandi.

“Import qilinadigan texnologik uskunalar yoki boshqa mahsulotlarning narxi oshib bormoqda. Lekin tariflar o‘zgarmagani natijasida 1 kWh elektr energiyaning tannarxi 800 so‘mdan yuqoriroq. Ammo, tok aholiga 295 so‘mdan, yuridik shaxslarga 450 so‘mdan berilmoqda. Yetmagan qismi esa davlat budjeti hisobidan subsidiyalanib kelmoqda”, degandi vazir.

Mavzuga oid