Jamiyat | 14:35 / 18.09.2023
20598
3 daqiqa o‘qiladi

Qanday qilib har kuni erta uyg‘onish mumkin?

Har kuni tonggi 05:00 da uyg‘onish ko‘pchilik uchun oson ish emas. Ayniqsa, tungi faollikni afzal ko‘ruvchilar uchun. Biroq buni odatga aylantirish sizning turmush tarzingiz uchun bir nechta foydali jihatlarni taqdim etishi mumkin. Keling, agar har kuni erta uyg‘onsangiz, nimalar yuz berishi mumkinligini birgalikda ko‘rib chiqamiz.

Samaradorlik oshadi. Butun dunyo uxlayotgan vaqtda siz uyg‘onib, atrof-muhitning tinchligi, sokinligidan bahramand bo‘lishingiz mumkin. Bu diqqatni jamlash va ishlash uchun ayni vaqt. Muvaffaqiyatga erishgan ko‘plab insonlar shu boisdan ham kam vaqt ichida ko‘proq ish qilib olish uchun tonggi vaqtlarni ma’qul ko‘radi.

Shaxsiy rivojlanish imkoniyati. Bu vaqt shaxsiy rivojlanish, o‘sish uchun ayni muddao hisoblanadi. Inson turli faolliklar (masalan, yoga, meditatsiya yoki shunchaki kitob o‘qish) orqali jismoniy hamda aqliy jihatdan rivojlanishni davom ettirishi mumkin.

Sog‘lom turmush tarzi. Doimiy tonggi 05:00 da uyg‘onish boshqa yaxshi odatlarni ham o‘zlashtirishga yordam beradi. Masalan, jismoniy tarbiya, foydali nonushta tayyorlash mumkin. Shuningdek, jismoniy, ruhiy salomatlik haqida muntazam qayg‘urish ham odatga aylanadi.

Uyquning yaxshilanishi. Qat’iy kun tartibi va erta uyg‘onish sabab uyqu ham yaxshilanadi. Bir vaqtda yotish va uyg‘onish sabab organizm uyqu sikllarini boshqarishni o‘rganadi. 

Oila uchun vaqt. Agar oilali bo‘lsangiz, ular bilan birga vaqt o‘tkazish uchun bu ham bir qo‘shimcha imkoniyat. Ular bilan suhbatni tonggi sokinlikda amalga oshirib ko‘ring, sizga xush kelishi aniq.

Qanday qilib erta turish mumkin?

Har kuni erta turishda sizga quyidagi maslahatlar ko‘mak berishi mumkin. 

Kun tartibini tuzing. Uni aniq belgilab, amal qiling — har kuni hatto dam olish kunlarida ham.

Bosqichma-bosqich moslashish. Agar siz odatda kech uyg‘onsangiz, birdan 05:00 da uyg‘onishga harakat qilmang. Haftasiga oraliqni 15-30 daqiqaga qisqartib boring va o‘zingiz ko‘zlagan vaqtga yeting.

Kechqurun rejalashtiring. Tonggi stressni kamaytirish va erta turishga kechqurundan tayyorlaning. Bu o‘z ichiga kiyim-kechak tanlovi, nonushta tayyorgarligi va kun tartibini tuzish kabilarni o‘z ichiga olishi mumkin.

Motivatsiya yarating. Nima uchun tonggi 05:00 da turmoqchi ekaningizni aniqlab oling va buni o‘zingiz uchun motivatsiya sifatida ishlating. Bu siz uchun maqsadlarga erishish, shaxsiy rivojlanish yoki hayot sifatini yaxshilash ham bo‘lishi mumkin.

Qancha kerak bo‘lsa, shuncha uxlash. Yetarli darajada uxlayotganingizga ishonch hosil qiling. Kattalar tetik va samarador bo‘lishi uchun me’yordagi uyqu vaqti 7-9 soatni tashkil qiladi. 

Ko‘rib turganingizdek, erta uyg‘onish sog‘lom turmush tarzi uchun juda foydali. Biroq bu narsa hammaga ham birdek to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Odam o‘z ehtiyojlari va turmush tarziga mos keladigan tartibni topishi kerak. 

Mavzuga oid