O‘zbekiston | 07:53 / 19.09.2023
4464
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev AQSh biznesining O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish rejalarini muhokama qildi

Shavkat Mirziyoyev va Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xarita”larini qabul qilishga kelishib oldi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQShga amaliy tashrifi doirasida 18 sentabr kuni Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirda GE HealthCare, Oppenheimer, Cerberus, CNH va Cintana korporatsiyalari rahbarlari ham ishtirok etdi.

O‘zbekiston yetakchisi uchrashuv ishtirokchilarini Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi tashkil etilganining 30 yilligi bilan tabriklab, ushbu tuzilma ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

Joriy yil 15 sentabr kuni Vashington shahrida AQShning 250 dan ortiq kompaniya va banklari vakillari ishtirokida o‘tgan qo‘shma biznes forumining samarali yakunlari qayd etildi.

Palata raisi Kerolin Lemm davlat rahbariga Amerika biznesining mamlakatga qiziqishi va ishonchi oshishiga xizmat qilayotgan ortga qaytmas islohotlar dasturini amalga oshirishdagi siyosiy yetakchiligi uchun minnatdorlik bildirdi. Keyingi bir necha yilda palata tarkibiga AQShning yirik kompaniyalari kirgani, ularning umumiy soni 50 taga yetgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda AQSh biznesining mamlakatdagi faoliyatini kengaytirish borasidagi aniq rejalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xarita”larini qabul qilishga kelishib olindi.

Mavzuga oid