O‘zbekiston | 21:29 / 20.09.2023
4702
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev AQShning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi

Citigroup’ning O‘zbekistonda Citibank shu’ba banki ofisini ochish bo‘yicha rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 sentabr kuni Nyu-York shahriga tashrif doirasida o‘ziga ajratilgan qarorgohda Boston Consulting Group kompaniyasi raisi Rich Lesser va Markaziy Osiyo va Kaspiy mintaqasi bo‘yicha rahbari Riza Nuriyevni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida davlat rahbari AQShning ushbu konsalting kompaniyasi O‘zbekistondagi yirik korxonalarning boshqaruvini maqbullashtirish loyihalarida faol ishtirok etayotganini qayd etdi. O‘tgan yili Toshkent shahrida Boston Consulting Group ofisi ochildi.

Suhbatda sun’iy intellekt salohiyatidan foydalangan holda Bilimlar iqtisodiyotiga o‘tish bo‘yicha uzoq muddatli kompleks strategiyani, sanoatni rivojlantirish dasturini hamda O‘zbekiston energetika sohasini rivojlantirish «master rejasi»ni birgalikda ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

Investorlar bilan O‘zbekiston hududlarini rivojlantirishga uzviy bog‘lagan holda ishlash samaradorligini oshirish, davlat korxonalari va banklarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish, banklarning raqamli infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shaharlarni rivojlantirish va energetikadagi loyihalarni ekspertiza jihatidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.

Shavkat Mirziyoyev tashrif doirasida AQShning eng yirik Citigroup moliyaviy korporatsiyasi raisi Jon Duganni ham qabul qildi.

Davlat rahbari O‘zbekiston banklari va davlat korxonalari obligatsiyalarining xalqaro fond bozorlarida muvaffaqiyatli joylashtirilishiga ko‘maklashgan korporatsiya bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

O‘zbekiston yetakchisi Citigroup’ning mamlakatimizda Citibank shu’ba banki ofisini ochish bo‘yicha rejalarini qo‘llab-quvvatladi.

Uchrashuvda bank-moliya sohasini rivojlantirish, fond bozoridagi qimmatli qog‘ozlar jozibadorligi va likvidligini oshirish uchun samarali vositalarni joriy etish, mamlakatimiz kapital bozoriga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasida o‘zaro manfaatli hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

AQSh korporatsiyasi bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlar va aniq ijro muddatlarini ko‘rsatgan holda «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.

Mavzuga oid