Jahon | 08:44 / 22.09.2023
4675
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy AQSh Kongressi vakillari bilan uchrashdi

Ukraina prezidenti kongressmenlar va senatorlar bilan Kiyevga harbiy yordamni kengaytirish masalasini muhokama qildi. AQSh prezidenti Bayden Kongressdan Ukrainaga 24 milliard dollarlik yangi yordam paketi ajratishni so‘radi.

Foto: Reuters

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 21 sentabr, payshanba kuni Vashingtonga tashrifi avvalida AQSh Kongressi vakillari bilan uchrashdi. Vakillar palatasi va Senat a’zolari bilan muzokaralarda Zelenskiy Rossiyadan himoyalanish uchun Amerikaning Kiyevga harbiy yordamini kengaytirish masalasini muhokama qildi.

Senatdagi ko‘pchilik yetakchisi Chak Shumerning so‘zlariga ko‘ra, Volodimir Zelenskiy unga Ukraina zarur yordam olmasa, urushda mag‘lub bo‘lishi mumkinligini aytgan. «Yagona bir jumla barchasiga xulosa yasadi va men uni so‘zma so‘z keltiraman. Janob Zelenskiy quyidagilarni aytdi: «Agar yordam bo‘lmasa, urushda yutqazamiz», dedi senator.

O‘z navbatida, Vakillar palatasining tashqi siyosat qo‘mitasiga rahbarlik qiluvchi respublikachi Maykl Makkolning ta’kidlashicha, Zelenskiy AQSh o‘z mamlakati g‘alaba qozonishiga yordam berishiga ishonch bildirgan. Makkol, shuningdek, Ukraina prezidenti, birinchi navbatda, Kiyevga F-16 qiruvchi samolyotlari va ATACMS raketalarini yetkazib berishni so‘raganini aytdi.

AQSh prezidenti Jo Bayden Kongressdan Ukrainaga 24 milliard dollarlik yangi harbiy yordam paketini tasdiqlashni so‘radi, bu esa Vakillar palatasida ko‘pchilikni tashkil etuvchi muxolif respublikachilarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Kongress bilan budjet bo‘yicha muzokaralar hozirda nihoyatda qiyin kechmoqda. 

Oq uyda Bayden bilan uchrashuv

Kongressga tashrif buyurganidan so‘ng Volodimir Zelenskiy AQSh Mudofaa vazirligiga bordi va u yerda Pentagon rahbari Lloyd Ostin bilan uchrashdi. Uning Oq uyda Jo Bayden bilan muzokaralari ham bo‘lib o‘tdi. Ukraina prezidenti, boshqa narsalar qatori, uzoq masofali raketalarni Kiyevga topshirishni so‘ramoqda, ammo Qo‘shma Shtatlar, xuddi Germaniya kabi, bunga hali ham vazminlik bilan munosabatda bildirmoqda. 

Qo‘shma Shtatlar Ukrainaning eng yirik tarafdori hisoblanadi va Kiyevga o‘nlab milliard dollarlik qurol-yarog‘ yetkazib bergan. Zelenskiy o‘tgan yilning dekabr oyida Vashingtonga kelgan va AQSh Kongressida nutq so‘zlagan. Bu uning 2022 yil fevralida Rossiya harbiy harakatlari boshlanganidan beri xorijga birinchi safari edi.

Kongressmenlar va Bayden bilan joriy uchrashuv uchun Volodimir Zelenskiy BMT Bosh assambleyasidagi debatlarda qatnashib, Nyu-Yorkdan Vashingtonga keldi. Bir kun oldin u Bosh assambleya va BMT Xavfsizlik kengashida nutq so‘zladi. 

Mavzuga oid