Jamiyat | 21:47 / 04.10.2023
15097
2 daqiqa o‘qiladi

Kuz faslida to‘g‘ri taomlanish bo‘yicha tavsiyalar berildi 

Bu davrda mikroelementlarga boy mahsulotlarni ko‘proq iste’mol qilish foydali. 

Foto: Getty Images

Kuz faslida harorat pasayishi, yomg‘irli kunlar ko‘payishi hisobiga odamlar quyosh nuridan kamroq bahramand bo‘ladi. Oqibatda immunitet tizimi zaiflashib, mavsumiy kasalliklar avj olishi kuzatiladi. Bunday sharoitda qanday taomlanish maqsadga muvofiq? 

Tajribali diyetolog Yevgeniya Belyuga bu borada o‘z tavsiyalarini ma’lum qildi. Uning fikricha, mazkur davrda mikroelementlarga boy mahsulotlarni ko‘proq iste’mol qilish foydali. 

Masalan, pomidor va bodring o‘rniga C, A vitamini, foliy kislotasi hamda kaliyga boy qovoq tanovvul qilish mumkin. B vitamini, A va E darmondorilari, temir, magniy va sinkni o‘z ichiga olgan qovoqcha (kabachki) past kaloriyaliligi bilan afzal sanaladi. 

Taomnomani mavsumiy mahsulotlar bilan uyg‘unlashtirish maqsadga muvofiq. Masalan, pyure-sho‘rvalar kuz uchun maqbul taom. Sabzavotli sho‘rva vitaminlarga boy. Yog‘sizroq tovuq sho‘rvasi ham ortiqcha vazndan xalos bo‘lishni istaganlar uchun mos. 

«Ichimliklar orasida choy va qahvadek foydali muqobil mahsulot yo‘q. Xususan, choy sovuq havoda immunitet tizimini qo‘llab-quvvatlaydigan darmondorilar, polifenollar, antioksidantlarni o‘z ichiga oladi. Limon, atirgul qo‘shib tayyorlangan damlama tarkibidagi S vitamini immunitet tizimini mustahkamlashga yordam beradi. Ammo shakar iste’molini kamaytirish yaxshiroq», dedi mutaxassis. 

Chindan ham, shakar — yuqori kaloriyali mahsulot. Uni ortiqcha iste’mol qilish semirishga olib keladi. Bu esa metabolizm sekinlashishi, hujayralarning insulinga sezuvchanligi pasayishi va pirovardida 2-toifa diabet kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. 

Shakarni ko‘p miqdorda iste’mol qilish immun tizimi faoliyatini izdan chiqadi. Oqibatda organizm mavsumiy kasalliklar paytida viruslarga qarshi kurashishda zaiflashib qolishi mumkin.

Mavzuga oid