O‘zbekiston | 11:03 / 06.10.2023
22094
2 daqiqa o‘qiladi

Dam olish kunlari havo harorati asta-sekin ko‘tariladi 

O‘zbekiston bo‘yicha dam olish kunlariga ob-havo prognozi e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston shimoli-g‘arbiy hududlariga Kavkaz hududlaridan nam havo massalari kirib keldi, bugun esa nam havo massalari respublika barcha hududlariga tarqalmoqda.

Bugun kunduzi va 7 oktyabrga o‘tar kechasi hududning katta qismida bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayadi. Havo harorati kechagi kunga nisbatan +6...+8 darajaga past bo‘lib, +18...+23 darajani tashkil etadi.

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, ertaga kunduzi nam havo massasi O‘zbekiston hududidan chekina boshlaydi va respublika bo‘yicha yana yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi, faqat ertalabki soatlarda markaziy va sharqiy viloyatlar ayrim joylarida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Yakshanba kuni barcha hududlar bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Dam olish kunlari havo harorati asta-sekin ko‘tariladi va yakshanba kuni +22...+27 darajani tashkil etadi. Kechasi va ertalab salqin kuzatiladi, havo harorati +9...+14 daraja atrofida bo‘ladi.

Respublika tog‘oldi va tog‘li hududlarida 6-8 oktyabr kunlari vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. 6-7 oktyabrda ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi, sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Baland tog‘li hududlarda yomg‘ir qorga aylanishi ehtimoli bor.

Poytaxtda havo o‘zgarib turadi, 6 oktyabrda va 7 oktyabr kechasi vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. 7 oktyabrda ertalab biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin, kunduzi yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. 8 oktyabrda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 5-10 m/s tezlikda esadi. Harorat asosan kechalari +11...+14 daraja, 6 oktyabrda kunduzi +21...+23 daraja, 7-8 oktyabrda +23...+26 daraja bo‘ladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid