Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
NASA: El-Nino kuchaymoqda, 2026 yilda ob-havo rekordlari ehtimoli ortdi
NASA va AQShning Milliy okean va atmosfera boshqarmasi (NOAA) ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil iyun oyida qayta namoyon bo‘lgan El-Nino iqlim hodisasi kuchayishda davom etmoqda. Mutaxassislar bu holat kelasi oylarda dunyo bo‘ylab ekstremal ob-havo hodisalari va harorat rekordlari ehtimolini oshirishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
El-Nino — Tinch okeanining ekvator qismida suv haroratining me’yordan yuqori darajada ko‘tarilishi bilan bog‘liq tabiiy iqlim sikli hisoblanadi. U atmosfera jarayonlariga ta’sir ko‘rsatib, dunyoning turli hududlarida yog‘ingarchilik va harorat rejimini o‘zgartiradi.
NOAA 11 iyun kuni rasman El-Nino boshlanganini e’lon qildi. Bunga sabab sifatida Tinch okeanining markaziy va sharqiy qismlarida suv yuzasi harorati bir necha oy davomida o‘rtacha ko‘rsatkichdan kamida 0,5 daraja Tselsiyga yuqori bo‘lib kelayotgani ko‘rsatildi.
NASA olimlari esa hodisaning yana bir muhim belgisini — okean sathining ko‘tarilishini kuzatmoqda. Iyun oyida Sentinel-6 Michael Freilich sun’iy yo‘ldoshi tomonidan olingan ma’lumotlar Tinch okeanining markaziy va sharqiy qismida suv sathi me’yordan yuqori ekanini ko‘rsatgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, suv isishi natijasida uning hajmi kengayadi va bu okean sathining ko‘tarilishiga olib keladi. Shu sababli dengiz sathi balandligi okeanda to‘plangan issiqlik miqdorini baholashda muhim ko‘rsatkich hisoblanadi.
Tahlillar davomida olimlar mavsumiy o‘zgarishlar va uzoq muddatli tendensiyalar ta’sirini ma’lumotlardan chiqarib tashlagan. Bu El-Nino bilan bog‘liq o‘zgarishlarni yanada aniqroq ko‘rish imkonini bergan.
NASAʼning Reaktiv harakat laboratoriyasi (JPL) ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil bahoridayoq El-Ninoning dastlabki belgilari kuzatilgan. Xususan, yuzlab kilometr kenglikdagi issiq suv massalari — Kelvin to‘lqinlari Tinch okeanining g‘arbiy qismidan sharqqa harakatlana boshlagan.
Bu jarayon odatda passat shamollarining zaiflashishi yoki yo‘nalishini o‘zgartirishi bilan yuz beradi. Natijada issiq suv Shimoliy va Janubiy Amerika qirg‘oqlari tomon yig‘ilib, sovuq suvlarning yuqoriga chiqishini cheklaydi. Bu esa okean yuzasidagi haroratning yanada oshishiga sabab bo‘ladi.
Olimlarning ta’kidlashicha, okean sathi balandligi bo‘yicha kuzatuvlar nafaqat suv yuzasining haroratini, balki okeanning chuqur qatlamlarida to‘plangan issiqlik zaxirasini ham baholash imkonini beradi. Aynan shu zaxira keyinchalik iqlim va ob-havoga kuchli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
JPL mutaxassisi Severin Furnening so‘zlariga ko‘ra, Tinch okeanining g‘arbiy qismidagi hozirgi sharoitlar 1997 yilda kuzatilgan vaziyatni eslatadi. O‘sha yil insoniyat kuzatuvlari tarixidagi eng kuchli El-Nino hodisalaridan biri qayd etilgan edi.
Mutaxassislar yangi Kelvin to‘lqinlari sharqqa qarab harakatlanishda davom etayotganini qayd etmoqda. Bu esa El-Ninoning yanada kuchayishi mumkinligidan dalolat beradi.
Ayrim milliy meteorologiya xizmatlari prognozlariga ko‘ra, joriy yildagi El-Nino so‘nggi o‘n yillikdagi eng kuchli iqlim hodisasiga aylanishi mumkin. Agar bu ssenariy tasdiqlansa, dunyo bo‘ylab qurg‘oqchiliklar, kuchli yog‘ingarchiliklar, issiqlik to‘lqinlari va boshqa ekstremal ob-havo hodisalari soni ortishi ehtimoli yuqori.