O‘zbekiston | 11:25 / 11.10.2023
16099
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon davlat universitetida qariyb 40 mlrd so‘m talon-toroj qilingan

ADUda 8 ming 761 nafar talabaga 25,1 mlrd so‘m ortiqcha stipendiya hisoblanib, to‘lov qaydnomalari soxtalashtirilgan. Talabalar tomonidan to‘langan 9,3 mlrd so‘m to‘lov-kontrakt summalari universitet hisobraqamiga kirim qilinmagan. Avvalroq, mazkur universitet joriy yilning birinchi yarmini 7 mlrd 399 mln so‘m zarar bilan yakunlagani xabar qilingandi.  

Foto: mentalaba.uz

Andijon davlat universitetida 39,3 mlrd so‘m naqd pul mablag‘lari talon-toroj qilingan. Bu haqda Hisob palatasi axborot xizmati xabar berdi.

Xususan:

  • kontrakt mablag‘lari hisobidan stipendiyasiz shaklda tahsil olgan 8 761 nafar talabaga 25,1 mlrd so‘m ortiqcha stipendiya hisoblanib, to‘lov qaydnomalari soxtalashtirilgan;
  • talabalar tomonidan to‘langan 9,3 mlrd so‘m to‘lov-kontrakt summalari universitet hisob raqamiga kirim qilinmagan;
  • talabalarga hisoblangan 2,7 mlrd so‘m rag‘batlantirish mablag‘lari tarqatilmasdan, ularning imzolari soxtalashtirilgan;
  • budjet mablag‘lari hisobidan 2 226 nafar talabaga bitta davr uchun ikki martadan 1,1 mlrd so‘m ortiqcha hisoblangan stipendiya o‘zlashtirilgan;
  • talabalar yotoqxona ijarasidan tushgan 911,8 mln so‘mlik naqd pullar universitet hisobraqamiga kirim qilinmasdan noqonuniy o‘zlashtirilgan.

Bundan tashqari, davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga zid ravishda universitetga xizmat uyi xarid qilish uchun jismoniy shaxs bilan 2,5 mlrd so‘mlik to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzilib, shundan 300 mln so‘mi noto‘g‘ri o‘tkazilgan.

Aniqlangan noqonuniy o‘zlashtirilgan mablag‘lardan 5,1 mlrd so‘mi undirilishi ta’minlangan. Tekshirish yakuni bilan rasmiylashtirilgan hujjatlar to‘plami huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Avvalroq, 2023 yilning birinchi yarmini Andijon davlat universiteti 7 mlrd 399 mln so‘m zarar bilan yakunlagani xabar qilingandi.

Mavzuga oid