O‘zbekiston | 11:42 / 23.10.2023
7743
4 daqiqa o‘qiladi

“Mikromillatchi darajasiga tushish” - o‘zbek tilshunoslari rossiyalik deputatning bayonotiga javob qaytardi

Kun.uz muxbirining 21 oktyabr – til bayrami munosabati bilan o‘tkazgan suhbatida Rossiya Davlat dumasi deputati Mixail Delyaginning bayonoti va ayblovlari masalasida ham so‘z bordi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq rus deputati o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining farzandlari uchun maktab va bog‘chalar qurish tashabbusini qattiq tanqid qilgan hamda o‘zbekistonliklarni Rossiyadan olib ketishga chaqirgandi.

Baxtiyor Isabek, tilshunos, turkolog olim

— Men Mixail Delyaginga unda sen ham O‘zbekistondagi rus maktab va bog‘chalarini olib ket, deya javob beraman. Ularni bizning o‘zbek maktablari yemirmas, ammo bizdagi rus maktablari bizning millatni yemiryapti.

Eldor Asanov, tilshunos, jurnalist

— Rossiyaning bugungi holati, siyosatini kuzatayotganlar biladiki, deputatlar gapi o‘tmaydigan va gapiga javob bermaydigan qatlam bo‘lib qolgan. Ular javob berish majburiyati yo‘qligi uchun ham noadekvatlikda o‘zaro musobaqalashib yotibdi. Ukraina masalasida aqlga sig‘maydigan gaplar aytishadi, Qozog‘istonga juda ko‘p gap tashlashadi. Bugungi Rossiya siyosati shu, o‘zini kichkina millatdek tutyapti, ammo bilamiz, ular o‘zi katta bir millat. 150 mln xalqi bor davlat o‘zini bunday tutishi uning imijiga ham ta’sir qiladi.

Rossiya o‘zining geosiyosiy ta’sirini eski ittifoq doirasida saqlab qolishga urinyapti. Do‘stona yo‘l tutish o‘rniga millatchilik darajasiga chiqarib, agressiv harakat qilyapti. Biz-ku mustaqil davlatmiz, hozir RF ichidagi turli millatlarni ham shunday madaniy siqib qo‘yish bo‘lyapti.

Biznikilar ham Rossiya tarafning shunaqa gaplariga qarab hisoblashayotganiga hayron qolaman. Xuddi majburiyatimiz bordek yoki eskicha tushunchalardan tozalanib ololmayotgandekmiz.

Orif Tolib, tilshunos, yozuvchi

— Rus deputatining fikrlari amaliy bir kuchga ega emas, shunday fikrlarni Delyagindan boshqa deputatlar ham ko‘p aytgan. Biz yoki deputatlarimiz unga qanaqadir javob berib o‘tirganimiz bilan amalda o‘zbek tili himoya qilinmasa, mavqeyi oshmasa, foydasi yo‘q. Bunaqa javob berish bilan til himoyalanib qolmaydi.

Eldor Asanov:

— Men o‘sha rus siyosatchilarining o‘rnida bo‘lganimda masalan, eski ta’sir doirani saqlab qolish uchun mahalliy tillarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lardim. Buning ortidan hurmat qozonish va rus tilini ham yetarli darajada saqlab qolishga erishsa bo‘lardi. Rus davlatchiligi o‘z obro‘yi, imkoniyatlariga yarasha harakat qilmayapti, mikromillatchilik darajasiga tushib qolyapti.

Fikrimcha, buning hammasi Rossiyadagi shovinistik, imperiyalistik kayfiyatning dekonstruksiya qilinmaganidan. Masalan, Gitlerdan keyin Germaniyada denatsifikatsiya bo‘lgan. Ba’zi rus jurnalistlari bilan gaplashaman yoki maqolalarini o‘qiyman. Ular hali ham o‘tmishda Rossiya koloniya tizim o‘rnatganini tan olmaydi. Boshqacha shaklda bo‘lgan, deyishadi.

  • Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid