Iqtisodiyot | 19:07 / 26.10.2023
19927
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Bank 21 ta tijorat bankiga nisbatan chora ko‘rdi 

Ular kredit va omonatlar haqidagi axborotlarni iste’molchilarga to‘liq oshkor qilmagan va bank kartalari orqali xizmat ko‘rsatishni to‘liq yo‘lga qo‘ymagan. 

Foto: Kun.uz

Markaziy Bank tomonidan avgust-sentabr oylarida tijorat banklarida nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Unda iste’molchilar bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda bank faoliyatiga qo‘yiladigan talablarga rioya etilishi, shu jumladan, terminallar orqali to‘lovlarning qabul qilinishi hamda bank xizmatlari to‘g‘risidagi axborotlarni iste’molchilarga to‘g‘ri va to‘liq taqdim etilishi holatlariga e’tibor qaratilgan. 

Qayd qilinishicha, banklar tomonidan taklif etayotgan kredit va omonatlar haqidagi axborotlar iste’molchilarga qonunchilikda belgilangan tartibda oshkor qilinishi hamda bank kartalari orqali xizmatlar ko‘rsatilishi to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani aniqlangan. 

Natijada, 21 ta tijorat bankiga nisbatan chora ko‘rilib, bunda 16 ta tijorat banki jarimaga tortilgan hamda 5 ta tijorat bankiga ogohlantirish berilgan. 

Xabarda chora ko‘rilgan banklar nomi va ularga qo‘llanilgan jarima miqdori haqida ma’lumot berilmagan. 

Markaziy Bank xabarida ta’kidlanishicha, iste’molchilar bank xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha oqilona qarorga kelishi uchun tijorat banklari xizmatlar haqidagi ma’lumotlarni to‘liq oshkor qilishi va ularning shartlarini batafsil tushuntirishi lozim.

Mavzuga oid