«Murakkab chorraha» - Toshkent ko‘chalari Chilonzor-Oqtepa chorrahasi misolida
Poytaxtdagi tirbandliklar masalasi kun tartibidan tushgani yo‘q. Istalgan shaharda haydovchi ham, piyoda ham yurishni istamaydigan tirband, shovqin va noqulay ko‘chalar, chorrahalar bo‘ladi. Kun.uz muxbiri Toshkentdagi mana shunday chorrahalardan biri misolida holatni o‘rganishga harakat qildi.
Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi sobiq Oqtepa aylanma yo‘li hozirda o‘ta noqulay chorrahalardan biriga aylangan. Yo‘l qatorlarining ko‘pligi ortidan chorraha oqimni boshqarishi kundan kunga qiyinlashib, uzundan uzun tirbandliklar vujudga kelmoqda.
Shaharsoz Iskandar Soliyev Kun.uz bilan suhbatda Oqtepa chorrahasining muammolar bilan to‘lganini qayd etdi: “Bor muammoni aytishdan ko‘ra yo‘g‘ini aytish osonroq, chunki bu chorraha muammoga to‘la. Bu yerlagi tirbandlik aylanma chorraha qilish orqali oldi olingandir, lekin yana keyingi chorrahalarda tirbandlik paydo bo‘laveradi. Piyodalar uchun ko‘priklar qilingan, ammo deyarli odam yo‘q, jonsiz muhit. Bundan tashqari, bolalar aravasi bilan yurganlar, qariyalar chiqishi qiyin. Liftlari esa ishlamaydi. Odamlar tepaga chiqib tushishdan erinib, pastdan yo‘lni kesib o‘tishga harakat qiladi. Qisqa qilib aytganda, avtomobillarga qulay bo‘lishi uchun qilingan sharoitda piyodalar qiynalyapti. Hudud piyodalar uchun jonli emas, o‘ldirilgan», — deydi u.
9 ta ko‘cha birlashadigan chorrahada tirbandliklarni kamaytirish, vaziyatni yaxshilash uchun urbanist yo‘l qatorlarini kamaytirish kerak deb hisoblaydi: «Bizning ko‘p ko‘chalarda, deylik, 5 qatorli yo‘l bo‘lsa, biroz yurgach, kamayib, 2-3 qatorli yo‘l bo‘ladi va tirbandlikni hosil qiladi. Nima qilish kerak? Bu chorrahada yo‘l qatorlarini kamaytirish kerak. Jamoat transportlari uchun alohida yo‘lak tashkil etish lozim. Bundan tashqari, piyodalar uchun svetofor bilan tartibga solingan o‘tish joylari tashkil etish kerak. Bizda birinchi navbatda xavfsizlik masalasi bo‘lishi shart, tirbandlik emas. Piyodalar va jamoat transportlari uchun sharoit qilish birinchi o‘rinlagi masala bu yerda», — dedi Soliyev.
Shuningdek, shaharsoz endi doimiy ravishda mashinalar ko‘payib borayotganini, tirbandliklardan esa butkul qochib bo‘lmasligini aytdi: «Odamlar uchun yengil avtomobillar qulay bo‘lib qolgan bizda. Shuning uchun ham birinchi o‘rinda xavfsizlik turishi kerak. Tirbandlik kamayishi uchun odamlarimiz jamoat transportlari va mikromobillarga o‘tishi kerak», — deya ta’kidladi u.
Bundan tashqari, Soliyev mashinalar uchun qayrilish joylarini ham chorrahalarning o‘zida tashkil qilish maqsadga muvofiq bo‘lishini ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, yo‘lning o‘rtasida qayrilish joylari bo‘lishi tirbandlik keltirib chiqarishda davom etadi.
Shaharsoz Oqtepa chorrahasi to‘liq aylana chorraha emasligini, agarda to‘liq aylana qilinganida, to‘xtovsiz harakat orqali nisbatan tirbandlik kamayishi mumkinligini qayd etdi.
Soliyev Oqtepa chorrahasida asosiy ustunlik yengil avtomobillarga berilganini aytib, bu aslida xato ekanligini ta’kidladi: «Hozirgi holatda ko‘chaning, sharoitlarning 3/4 qismi avtomobillar uchun. Boshqa harakatlanuvchilar ham bor, ular ham harakatlanishi kerak. Ya’ni avtomobillarga ham, piyodalarga ham, yashil hududlarga ham teng imkoniyat yaratilishi kerak. Bu hududda avtomobillarga sharoit yaratish ortidan jonli muhit o‘ldirilgan. Piyoda ko‘chaning narigi tomoniga o‘tishi uchun katta masofa bosishi kerak. Maksimal darajada piyodalar harakati qiyinlashtirilgan».
Shuningdek, urbanist Toshkent issiq mintaqada joylashgani sabab, hududga tor ko‘chalar to‘g‘ri kelishini, bu esa soya va yashillikning ko‘proq bo‘lishiga yordam berishini aytdi.
Mavzuga oid
17:02 / 22.11.2024
Toshkentda 4 mln dona pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi
15:28 / 22.11.2024
Svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan Malibu piyodani urib yuborishiga oz qoldi
21:43 / 21.11.2024
Toshkentda pod’yezdda qoldirilgan velosiped va kolyaskalar PPX tomonidan olib ketilmoqda
19:18 / 21.11.2024