Jahon | 07:50 / 04.11.2023
9126
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukrainaga yangi harbiy yordam paketini e’lon qildi

AQShning Ukrainaga 425 million dollarlik yangi harbiy yordam paketiga NASAMS va HIMARS uchun o‘q-dorilar, artilleriya snaryadlari va uchuvchisiz uchish apparatlari bilan kurashish vositalari kiradi.

Foto: Reuters

AQSh Mudofaa vazirligi 3 noyabr, juma kuni AQSh Ukrainaga Rossiya agressiyasidan himoyalanish uchun umumiy qiymati 425 million dollar bo‘lgan navbatdagi harbiy yordam paketini taqdim etishi to‘g‘risida xabar berdi

U Ukrainaning jang maydonidagi ehtiyojlarini zudlik bilan qondirish uchun 125 million dollargacha bo‘lgan Pentagon zaxiralarini, shuningdek, Ukraina havo mudofaasini uzoq muddatda mustahkamlash uchun 300 million dollarlik Ukraina xavfsizligiga ko‘maklashish tashabbusi (USAI) mablag‘larini o‘z ichiga oladi. 

Yangi paketga NASAMS zenit raketa tizimlari va HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari uchun qo‘shimcha o‘q-dorilar, 105 mm va 155 mm artilleriya snaryadlari, TOW tankka qarshi raketalari, Claymore piyodalarga qarshi minalar, 3 milliondan ortiq o‘q-dorilar, granatalar, shuningdek, og‘ir texnikani tashish uchun 12 ta yuk mashinasi kiradi. Bundan tashqari, Ukraina uchuvchisiz uchish apparatlariga qarshi kurashish uchun qo‘shimcha lazer yordamida boshqariladigan o‘q-dorilar oladi. 

Pentagon AQShning Ukrainaga yordamini «aqlli sarmoya» deb atadi

«Ukrainaga xavfsizlikni ta’minlashga yordam berish milliy xavfsizligimizga qaratilgan oqilona sarmoyadir. Bu mintaqadagi yirik mojarolarning va boshqa joylardagi ehtimoliy tajovuzning oldini oladi, shu bilan birga, mudofaa sanoat bazamizni mustahkamlaydi va Amerika xalqi uchun yuqori malakali ish o‘rinlarini yaratadi», - deyiladi Pentagon xabarida.

Harbiy idora ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh prezident Jo Bayden boshqaruvi boshlanganidan beri Ukrainaga xavfsizlikni ta’minlash uchun 44,8 milliard dollardan ko‘proq yordam ko‘rsatdi, shu jumladan, 2022 yil 24 fevralda Rossiyaning keng ko‘lamli harbiy harakatlari boshlanganidan beri -44,2 milliard dollar. 

Mavzuga oid