Iqtisodiyot | 19:09 / 10.11.2023
18579
4 daqiqa o‘qiladi

Tashqi bozorlarga chiqishni rag‘batlantirish. Eksportyor kompaniyalarga qanday imkoniyatlar taqdim etildi?

Eksportni rivojlantirish uchun bojxona stavkalari ikki baravar kamaytirildi, 3500 dan ortiq mahsulot turlariga import stavkasi va 1000 dan ortiq turdagi mahsulotlar uchun aksiz solig‘i nolga tenglashtirildi. To‘lanadigan soliqlar 13 turdan 9 turga qisqartirildi.

So‘nggi yillarda savdoni rivojlantirish O‘zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarning asosiy yo‘nalishi sifatida qaralmoqda. Hukumat ushbu sohani isloh qilish, undagi tartib-qoidalarni soddalashtirish va optimallashtirish, tarif va tarifsiz to‘siqlarni olib tashlash, eksport nomenklaturasi va geografiyasini kengaytirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Xo‘sh, oxirgi yillarda bu borada nimalar qilindi?

Soliqlar 13 turdan 9 turga qisqartirildi

Bojxona ma’muriyati sohasida bojxona to‘lovlari stavkalari ikki baravar kamaytirildi, 3500 dan ortiq mahsulot turlariga import stavkasi va 1000 dan ortiq turdagi mahsulotlar uchun aksiz solig‘i nolga tenglashtirildi.

Shu bilan birga, boshqaruvning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etildi, eksport-import operatsiyalari davomida keraksiz hujjatlarni talab qilish tartibi bekor etildi va "yagona oyna" bojxona axborot tizimi joriy qilindi.

Bu kabi ishlar soliq ma’muriyati sohasida ham amalga oshirildi. Xususan:

  • to‘lanadigan soliqlar 13 turdan 9 turga qisqartirildi;
  • soliq organlarining soliq to‘lovchining debitorlari hisobidan soliq qarzlarini undirish huquqi bekor qilindi;
  • soliq imtiyozlari va preferensiyalari faqatgina Soliq kodeksiga binoan berilish amaliyoti joriy etildi;
  • tadbirkorlar uchun qulay soliq tizimi yaratilib, qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 15 foizdan 12 foizga tushirildi va QQSni qaytarishning tezlashtirilgan tartibi joriy etildi;
  • soliq nizolarini sudgacha hal qilish tartibi belgilandi va soliq huquqbuzarligi turiga qarab javobgarlik choralari belgilandi;
  • aylanmadan olinadigan soliqning 4 foizdan 25 foizgacha bo‘lgan stavkalari o‘rniga yagona 4 foizlik soliq stavkasi joriy etildi;
  • eksportni realizatsiya qilishdan olingan foyda to‘liq soliqdan ozod qilindi (2022 yil 1 noyabrdan);

Shuningdek, soliqlarning kamaytirilishi, soliq imtiyozlari natijasida mablag‘lar tadbirkorlik sub’yektlari hisobida qolib, ularning aylanma mablag‘lari oshdi (tadbirkorlar ixtiyorida 14 trln so‘m mablag‘ qolishi kutilmoqda).

Bulardan tashqari so‘nggi yillarda:

  • eksportidan tushgan valuta tushumini majburiy sotish tartibi barcha eksportchi korxonalar uchun butunlay bekor qilindi;
  • tovar va xizmatlar eksportini kafolatlangan to‘lov (oldindan to‘lov, akkreditiv, bank kafolati va sug‘urta) mavjud bo‘lmasdan xorijiy valutaga eksport qilish huquqi berildi;
  • umumiy qiymati 5 ming AQSh dollaridan ko‘p bo‘lmagan tovarlarni bojxona deklaratsiyasi taqdim etmasdan olib chiqishga ruxsat etildi;
  • mahsulotlarni eksportga realizatsiya qilish hajmiga to‘g‘ri keladigan qismi yuzasidan yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i va yagona soliq to‘lovi bo‘yicha imtiyozlar taqdim etildi;

Shu bilan birgalikda Savdo sanoat palatasi tomonidan so‘nggi davrda jami 600 dan ortiq tadbirkorlik sub’yektlariga umumiy qiymati 548,7 mln dollar miqdoridagi mahsulotlarni xorijiy mamlakatlarga eksport qilishda ko‘maklashildi. 

Eksport qiluvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi va amalga oshirildi, xususan, "Tashqi savdo faoliyati ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident farmoni bilan mahsulotlarni eksport qilishda transport xarajatlarini qoplash uchun mahalliy korxonalarga subsidiyalar berilmoqda, akkreditatsiya va sertifikatlash bilan bog‘liq xarajatlar Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplanmoqda.

Bularning natijasidan O‘zbekistonning eksport geografiyasi ham ortib bormoqda. Jumladan, ushbu ko‘rsatkich 52 ta yangi davlatlar bozorlari hisobiga kengaytirilib, Italiya va Latviyaga ipakdan ayollar ko‘ylagi, Kamerunga mis sim mahsulotlari, Turkiya va Eronga tikuv mashinasi, Moldovaga kir yuvish mashinasi, Isroilga milliy cholg‘u asboblari, Koreyaga mosh uni hamda Angolaga avtomobil ehtiyot qismlari ilk marta yetkazib berildi.

Mavzuga oid