Jahon | 11:07 / 13.11.2023
6682
3 daqiqa o‘qiladi

«GUR»: Melitopoldagi shtabda Rossiya QKning bir necha zobiti o‘ldirildi

Zaporijjya viloyatining egallab olingan Melitopol shahrida harbiy shtabda yuz bergan portlash oqibatida kamida uch nafar rossiyalik harbiy halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda Ukraina razvedkasi. Halok bo‘lganlar orasida Rossiya gvardiyasi zobitlari ham bor. 

Foto: Andrei Rubsov/TASS/dpa/picture alliance

12 noyabr, yakshanba kuni Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi ma’lum qilishicha, egallab olingan Zaporijjya viloyatining Melitopol shahrida rossiyalik zobitlar halok bo‘lgan. «Okkupantlar shtabidagi portlash natijasida Rossiya gvardiyasining kamida uch zobiti yo‘q qilindi. Dushmanning boshqa yo‘qotishlari haqidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritilmoqda», - deyiladi Bosh razvedka boshqarmasining Telegram’dagi xabarida. 

Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, bir kun oldin Melitopolda sodir bo‘lgan kuchli portlash «mahalliy qarshilik harakati vakillari tomonidan amalga oshirilgan qasos harakati» bo‘lgan. Portlash «Novaya pochta»ning Dmitriy Donsov ko‘chasida joylashgan rossiyaliklar tomonidan egallab olingan binolarida sodir bo‘ldi. «GUR»ning da’vo qilishicha, Rossiya Qurolli kuchlarining shtabi ushbu binoda joylashgan bo‘lib, unga hujum Rossiya Federal xavfsizlik xizmati va Rossiya gvardiyasi xodimlarining qo‘shma yig‘ilishi chog‘ida sodir etilgan. 

Yig‘ilish oldidan yo‘llar to‘sib qo‘yilgan

Ukraina razvedkasining tushuntirishicha, yig‘ilishdan bir soat oldin rossiyaliklar yo‘lning «Melitopolskiy avtogidroagregat» korxonasidan «Refma» sobiq Melitopol muzlatkichlar mashinasozligi zavodigacha bo‘lgan qismida avtomobillar harakatini to‘sib qo‘ygan. «Moskvaliklar ikkala sanoat obektini ham harbiy bazaga aylantirdi», - deya aniqlik kiritgan Bosh razvedka boshqarmasi. 

Melitopolda portlashdan so‘ng darhol pala-partish harakatlar boshlangan - shaharning Rossiya «hokimiyati» vakillari voqea joyiga sirenalar yoqilgan holda yetib keldi, deya xabar beradi Ukraina razvedkasi. «Biroz vaqt o‘tgach, ular shtab yaqinida yonib ketgan mashinani bosib olingan shahar orqali o‘z uchastkasiga sudrab olib ketdi», - deyiladi xabarda. 

Rossiya tomoni bu hodisaga hozircha izoh bermadi. 

Mavzuga oid