16:43 / 21.11.2023
20967

Toshkentda fuqaro shifokorga stul otdi. Holat ichki ishlar organlari tomonidan o‘rganilmoqda

Toshkent shahar 7-son klinik shifoxonasida fuqaro shifokorga qarata stul otdi. Holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan surishtiruv ishlari boshlangan.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar 7-son klinik shifoxonasida bemorlar uchun yetarli sharoit yo‘qligi, shifokorlar shoshilinch yordamga muhtoj aholi vakillariga beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Shuningdek, mazkur tibbiyot muassasasida shifokor va fuqarolarning bir-birlari bilan janjallashayotgan holati aks etgan videotasvir ham internet tarmoqlarida muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, shifokor va fuqarolarning bir-birlari bilan janjallashayotgani aks etgan videotasvirdagi holat shifoxonada joriy yil 6 noyabrda sodir bo‘lgan.

Aniqlanishicha,shu kuni soat chamasi 16:00 lar atrofida 2001 yilda tug‘ilgan fuqaro S.A. qabulxonaning yuz-jag‘ jarrohligi xonasiga yutinishdagi og‘riqlar, chaynashning qiyinligi, ikkala tomon jag‘ osti sohasidagi shish va tana haroratining ko‘tarilishi shikoyatlari bilan murojaat qilgan. Bu paytda shifokor D.M. navbatchilikda bo‘lgan.

Fuqaro shifokor tomonidan ko‘rilganda burun-halqum va bodomsimon bezlar giperemiyalashishi kattalashgani, giperemiya butun og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavatiga tarqalgani, ikki tomonlama jag‘ osti va bo‘yin limfa tugunlari simmetrik kattalashgani hamda tana harorati 37,5 darajadan yuqori ekanligi aniqlangan.

Shunga ko‘ra, shifokor tomonidan bemor virus etiologiyali rinofaringit yoki infeksion mononukleozga gumon qilinib, virusolog-mutaxassis ko‘rigiga yuborilgan. Bundan esa u va yaqinlari norozi bo‘lib, shifokorga o‘ta qo‘pol munosabatda bo‘lgan va unga qarata stul otgan.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Uning natijalari yuzasidan batafsil ma’lumot beriladi.

Top