Jahon | 13:23 / 22.11.2023
4778
3 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya Shimoliy Koreya bilan harbiy kelishuvni qisman to‘xtatdi

Hukumatning navbatdan tashqari yig‘ilishida ma’qullangan taklifga ko‘ra, Seul chegarada razvedka va kuzatuv ishlarini qaytadan boshlaydi.

Foto: Reuters

Janubiy Koreya Shimoliy Koreyaning harbiy razvedka sun’iy yo‘ldoshini uchirishi munosabati bilan 2018 yilda imzolangan harbiy keskinlikni kamaytirish bo‘yicha Koreyalararo kelishuvning bir qismini to‘xtatib qo‘ydi. Bu haqda 22 noyabr, chorshanba kuni «Ryonxap» axborot agentligi xabar berdi. Bosh vazir Xan Dok Su raisligida bo‘lib o‘tgan vazirlar mahkamasi navbatdan tashqari yig‘ilishida chegarada razvedka va kuzatuvni qayta tiklash taklifi ma’qullandi.

«Shimoliy Koreya Koreya yarimorolidagi harbiy keskinlikni pasaytirish va ishonchni mustahkamlashga qaratilgan 19 sentabrdagi harbiy kelishuvga amal qilish istagi yo‘qligini yaqqol ko‘rsatmoqda», — dedi Xan Dok Su. 

Shartnoma 1-moddasi 3-bandi to‘xtatilishi Janubiy Koreyaga ikki Koreyani ajratib turuvchi harbiy demarkatsiya chizig‘i hududida, shuningdek, demilitarizatsiya zonasi deb ataladigan hududda tezkor razvedka operatsiyalarini tiklash imkonini beradi. Buyuk Britaniyaga tashrif buyurgan Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol taklifni elektron shaklda ma’qulladi. 

Shimoliy Koreya ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshni muvaffaqiyatli uchirgani haqida e’lon qildi

21 noyabr kuni Shimoliy Koreya harbiy razvedka sun’iy yo‘ldoshini uchirish bo‘yicha uchinchi urinishini amalga oshirdi, Koreya markaziy telegraf agentligi (KMTA) ma’lumotlariga ko‘ra, u muvaffaqiyatli bo‘lgan. Xabar qilinishicha, «Malligen-1» sun’iy yo‘ldoshi orbitaga muvaffaqiyatli olib chiqilgan, KXDR yetakchisi Kim Chen In nima bo‘layotganini shaxsan kuzatib borgan. Mamlakat «tez orada» yana bir nechta shunga o‘xshash sun’iy yo‘ldoshlarni uchirishni rejalashtirmoqda, deya ta’kidladi KMTA.

Janubiy Koreya shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi, o‘z navbatida, Shimoliy Koreyaning sinovi sun’iy yo‘ldoshning orbitaga chiqishiga olib kelgani yoki kelmaganini hali tasdiqlay olmaganini aytdi. Yaponiya hukumatiga ko‘ra, «sun’iy yo‘ldoshning past Yer orbitasiga chiqishi qayd etilmagan».

Oq uy Shimoliy Koreyaning sun’iy yo‘ldosh uchirishini keskin qoralab, buni BMT sanksiyalarining mintaqani beqarorlashtirishi mumkin bo‘lgan «qo‘pol ravishda buzilishi» deb atadi. Pxenyanning may va avgust oylarida orbitaga razvedka sun’iy yo‘ldoshini olib chiqish bo‘yicha avvalgi urinishlari muvaffaqiyatsiz yakunlangan edi. Seul, Tokio va Vashington Pxenyanni qayta sinov o‘tkazmaslik to‘g‘risida bir necha bor ogohlantirgan. 

Mavzuga oid