Jahon | 12:42 / 27.11.2023
4628
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda armiya tunnelda qolib ketgan 40 ishchini qutqarishga jalb etildi

Hindistonlik ishchilarni tunnel vayronalari ostidan olib chiqish uchun harbiy muhandislarning yordami AQShdan yuborilgan ulkan burg‘ilovchi qurilma ishdan chiqqach, talab qilingan.

Foto: Francis Mascarenhas/REUTERS

Hindistonda armiya Uttarakxand shtatida qisman vayron bo‘lgan tunnelda 15 kundan beri qamalda qolib kelayotgan 40 dan ortiq ishchini qutqarish operatsiyasiga qo‘shildi. NDTV telekanalining 26 noyabr, yakshanba kuni xabar berishicha, 24 noyabr kuni AQShdan olib kelingan ulkan burg‘ilovchi qurilma ishdan chiqqach, harbiylarning ishtiroki talab qilingan. 

Uning yordami bilan qutqaruvchilar jabrlanganlarga yetib borish uchun 60 metr uzunlikda chuqur qazishni rejalashtirgandi. Bu maqsadga erishish uchun qolgan 10 metr masofani endi harbiy muhandislar qo‘lda burg‘ilaydi. Kuzatuvchilarning fikricha, endi 25 dekabrdan keyin ishchilarni vayronalardan olib chiqish mumkin bo‘ladi. 

«Bu operatsiya uzoq davom etishi mumkin. Tog‘da ishlaganda, hech narsani oldindan aytib bo‘lmaydi. Biz vaqt bo‘yicha aniq raqamlarni keltira olmaymiz», - dedi Tabiiy ofatlarni boshqarish milliy boshqarmasi matbuot kotibi Sayid Ata Hasnain. 

Oziq-ovqat va dori-darmonlar quduq orqali yetkazilyapti

Qutqaruvchilar tomonidan qazilgan quduq orqali ishchilar bilan aloqa saqlab turilibdi. U orqali ularga oziq-ovqat va dori-darmonlar yetkazilyapti. 

12 noyabr kuni Uttarakxanddagi yo‘l tunneli qulab tushdi va uning ichida 41 ishchi qolib ketdi. U «Char-Dxam» transport loyihasi doirasida qurilayotgan bo‘lib, unga ko‘ra shtatda 825 km uzunlikdagi shosse ochilishi rejalashtirilgan. 

Mavzuga oid