O‘zbekiston | 21:26 / 05.05.2026
2346
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat chegarasidagi noqonuniy tunnel uchun jinoiy javobgarlik joriy etiladi

Davlat chegarasi orqali yer ostida noqonuniy inshoot va tunnel qurish, infratuzilma barpo etish, ulardan foydalanish hamda mazkur faoliyatni moliyalashtirish uchun jinoiy javobgarlik joriy etiladi.

Foto: DXX

So‘nggi paytlarda davlat chegarasida yashirin tunnel qazib, tovar va mahsulotlarni tashish, noqonuniy olib o‘tish holatlari ko‘payib bormoqda. Jumladan, 2016-2025 yillar oralig‘ida 12 ta ana shunday tunel aniqlangan. Masalan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida tunnellar orqali 30 milliard so‘mdan ortiq tovar yashirincha olib kirilgan. Bu haqda Qonunchilik palatasida ma’lumot berildi.

Qayd qilinishicha, endi bu kabi holatlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi.

Qonunchilik palatasi majlisida ko‘rib chiqilgan «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga davlat chegarasini qo‘riqlash hamda himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ayni masalalarga qaratilgan. 

Loyihaga ko‘ra, davlat chegarasi orqali yer ostida noqonuniy qurilgan inshoot, tunnel yoki boshqa infratuzilmadan foydalangan holda bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilanmoqda. Davlat chegarasi orqali yer ostida noqonuniy qurilgan inshoot va tunneldan foydalangan holda qonunga xilof ravishda chet elga chiqish, O‘zbekistonga kirish yoki davlat chegarasidan o‘tish uchun ham javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Qonun loyihasida davlat chegarasi orqali yer ostida noqonuniy inshoot va tunnel qurish, infratuzilma barpo etish, ulardan foydalanish hamda mazkur faoliyatni moliyalashtirish uchun ham alohida jinoiy javobgarlik taklif etilgan.

Shuningdek, kimda-kim chegaradagi noqonuniy tunnel haqida o‘z ixtiyori bilan xabar qilsa yoki jinoyatni ochishga yordam bersa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi belgilanyapti. 

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid