Sport | 21:35 / 05.12.2023
57230
3 daqiqa o‘qiladi

Ronaldu O‘zbekistonga kelishi mumkin. OChL 1/8 final savatchalari ma’lum

Osiyo Chempionlar ligasi G‘arb mintaqasida 6-tur o‘yinlari yakuniga yetib, 1/8 finalga yo‘llanma olgan barcha jamoalar nomi ma’lum bo‘ldi.

Unga ko‘ra, mintaqamizdan 8 jamoa – «Al-Ayn», «Al-Ittihod», «Al-Hilol», «An-Nasr», «Nasaf», «Navbahor», «Sipohon» va «Al-Fayha» keyingi bosqichga yo‘llanma oldi.

OChL reglamentiga binoan, 28 dekabr kuni o‘tkaziladigan qur’a tashlash marosimidan oldin 8 jamoa ikkita savatchaga ajratiladi. 1-savatchadan 5ta guruhdagi 4ta eng yaxshi natijaga ega 1-o‘rinlar joy olsa, 2-savatchadan eng yomon natija qayd etgan guruh peshqadami va 2-o‘rin bilan chiqqan 3 jamoa joy oladi. Qarshi klubi guruh peshqadamlari orasida eng kam ochko to‘plagani sababli, 2-savatchadan joy oldi.

Bir jihatdan Qarshi klubining nimchorakfinalda guruh g‘olibiga qarshi to‘qnash kelishi Ro‘ziqul Berdiyevni xursand qilmasligi mumkin, ammo raqib Krishtianu Ronaldu yetakchiligidagi «An-Nasr» bo‘lishi ehtimoli o‘zbekistonlik muxlislarni xursand etmay qolmaydi.

Turnirning 1/8 final bosqichida bir guruhdan chiqqan ikki jamoa o‘zaro maydonga tushmasligini inobatga olsak, «Navbahor» qur’ada 1-savatchadagi guruhdoshi «Al-Hilol»ga to‘qnash kelmaydi. Shu bois, «An-Nasr»ning Qarshi klubidan ko‘ra, Namangan jamoasiga raqib bo‘lish ehtimoli ko‘proq. Har qanday holatda ham Ronaldu, Benzema yoki Neymar faoliyat yuritayotgan Saudiya Arabistoni klublaridan biri 1/8 finalda O‘zbekistonga kelishi aniq.  

OChL. 1/8 final qur’a savatchalari:

1-savatcha:

«Al-Hilol» (Saudiya Arabistoni)

«Al-Ayn» (BAA)

«An-Nasr» (Saudiya Arabistoni)

«Al-Ittihod» (Saudiya Arabistoni)

2-savatcha:

«Nasaf» (O‘zbekiston)

«Navbahor» (O‘zbekiston)

«Sipohon» (Eron)

«Al-Fayha» (Saudiya Arabistoni).

Ma’lumot uchun, OChL nimchorakfinal dastlabki bahslari 12-13 fevral kunlari 2-savatchadagi jamoalar maydonida, javob uchrashuvlari esa bir haftadan keyin – 19-20 fevral kunlari 1-savatchadagi jamoalar uy stadionida bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid