Jahon | 10:21 / 08.12.2023
4486
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya va Gretsiya o‘rtasida do‘stlik deklaratsiyasi imzolandi

Tomonlar turizm, savdo, energetika, shuningdek, texnologiya, ta’lim va migratsiya masalalari bo‘yicha hamkorlik qilish niyatida.

Foto: Picture Alliance

Turkiya va Gretsiya o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan qator chora-tadbirlar orqali ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilash niyatida. Bu haqda Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 7 dekabr, payshanba kuni Afinada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda kelishib oldi. Mitsotakisning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat rahbarlari tegishli deklaratsiyani imzolagan. Erdo‘g‘an, o‘z navbatida, muzokaralar samarali kechganini aytib, Mitsotakisni Turkiyaga tashrif buyurishga taklif qildi.

Muzokaralarda nomidan bir qator vazirlar ishtirok etgan Turkiya va Gretsiya turizm, savdo, energetika hamda texnologiya, ta’lim va migratsiya sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib oldi. Bundan tashqari, tomonlar besh yil ichida tovar ayirboshlash hajmini ikki baravar oshirishni - 10 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. 

Turizm sohasida Turkiya fuqarolari Turkiya yaqinida joylashgan o‘nta Gretsiya orollarida dam olish uchun soddalashtirilgan tartibda viza olishi mumkin bo‘ladi. Buning uchun Gretsiya Yevropa komissiyasidan ruxsat oldi. 

Ikki davlat o‘rtasida Egey dengizidagi hududiy suverenitet va uning tubidan resurslarni olish huquqi masalasida jiddiy kelishmovchiliklar saqlanib qolmoqda. Biroq, Mitsotakis ikkala davlat ham ularni yengib o‘tishiga umid bildirdi. Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, «hal qilib bo‘lmaydigan muammoning o‘zi yo‘q». 

Tomonlar shunga o‘xshash uchrashuvlarni har yili o‘tkazishga kelishib oldi, avvalgisi 2016 yilda bo‘lib o‘tgandi. Shundan so‘ng ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashgan. 

Mavzuga oid