Netanyahu Putin bilan suhbatda Rossiyaning pozitsiyasini tanqid qildi
Isroil bosh vaziri Moskvaning BMT va boshqa xalqaro maydonlardagi pozitsiyasidan noroziligini bildirdi, deya xabar beradi uning idorasi. U Rossiyaning Eron bilan aloqalarini ham tanqid qildi.
Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu 10 dekabr, yakshanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Yaqin Sharqdagi vaziyat yuzasidan telefon orqali muloqot qildi. Isroil hukumat idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, suhbatda Netanyahu Rossiya vakillarining BMT va boshqa xalqaro maydonlardagi «antiisroil pozitsiyasidan» noroziligini bildirgan. Bundan tashqari, Isroil bosh vaziri Rossiya va Eron o‘rtasidagi «xavfli hamkorlikni» keskin tanqid qildi.
Netanyahu HAMASga qarshi urush haqida gapirar ekan, hujumga uchragan har qanday davlat Isroildan kam bo‘lmagan kuch bilan javob qaytarishini ta’kidladi. Shu bilan birga, bosh vazir Rossiya pasportiga ega Isroil fuqarosini G‘azo sektoridagi asirlikdan ozod qilish bo‘yicha olib borayotgan sa’y-harakatlari uchun Moskvaga minnatdorchilik bildirdi, shuningdek, garovga olinganlar bilan aloqa o‘rnatish va dori-darmonlarni yetkazib berish uchun Qizil Xochga bosim o‘tkazishni so‘radi.
Kreml «terrorizmni rad etishi va qoralashi» haqida ma’lum qilgan
Kremlning Putin va Netanyahu muzokaralari yakunlari bo‘yicha bayonotida aytilishicha, Rossiya tomoni tinch aholining azob-uqubatlarini yengillashtirish va Falastin-Isroil mojarosini yumshatish uchun har tomonlama yordam berishga tayyor.
«Putin terrorizmni barcha ko‘rinishlarida qabul qilmaslik va qoralash haqidagi prinsipial pozitsiyasini tasdiqladi. Shu bilan birga, terrorchilik tahdidlariga qarshi turish tinch aholi uchun bunday og‘ir oqibatlarga olib kelmasligi o‘ta muhim», — deya ta’kidladi Rossiya prezidenti matbuot xizmati.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 16 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
1 dekabrgacha davom etgan vaqtinchalik otashkesim doirasida 100 dan ortiq garovga olingan shaxs qo‘yib yuborildi, Isroil 240 ga yaqin falastinlikni qamoqdan ozod qildi. Isroil rasmiylariga ko‘ra, 7 oktyabr kuni asirga olingan yana 138 kishi HAMAS qo‘lida qolmoqda.
Mavzuga oid
17:53
AQSh razvedkasi Putinning xorijdagi muxoliflari o‘ldirilishiga oid maxfiy hujjatlarni qisman ochiqladi
16:33
Merkel: Menda hech qachon Putin bo‘yicha illyuziyalar bo‘lmagan
12:21
Putin: Rossiya jangda «Oreshnik» raketasini sinovdan o‘tkazishda davom etadi
23:44 / 22.11.2024