O‘zbekiston | 12:52 / 18.12.2023
6334
2 daqiqa o‘qiladi

11 oyda Toshkentda avtobuslar bilan 94 ta YTH sodir bo‘ldi

34 ta holatda yo‘l-transport hodisalari jamoat transporti haydovchilarining aybi bilan sodir bo‘lgan va ularga chora ko‘rilgan.

So‘nggi 11 oy davomida Toshkentdagi yo‘lovchi transporti bilan bog‘liq YTH statistikasi ochiqlandi. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» AJ hamda Toshkent shahar IIBB Jamoat xavfsizligi xizmati YHXB bilan o‘tgan yig‘ilishda ma’lumot berildi.

Unga ko‘ra, salkam bir yil davomida avtobuslar bilan 94 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan, ularning 34 tasi avtobus haydovchilarining aybi bilan yuzaga kelgan.

Qayd etilishicha, yig‘ilishda mas’ullar tomonidan haydovchi, chiptachilarga yo‘lovchilar bilan xushmuomalada bo‘lishlari, yo‘lovchi tashish qoidalariga qat’iy amal qilishlari, harakat davomida telefondan foydalanmaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.

So‘nggi vaqtlarda poytaxtda yo‘lovchi tashuvchi transportlar ishtirokida tez-tez YTH sodir bo‘lmoqda. Aksariyat hodisalar Toshkentga olib kelingan yangi avtobuslar bilan yuzaga kelmoqda.

Jumladan, 14 dekabr kuni Uchtepa tumanida Yutong rusumli elektrobus yo‘ldagi muzlamada boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi simyog‘ochga borib urilgandi.

29 noyabrda Yangihayot tumanida Mercedez-Benz rusumli avtobus yuk avtomobili bilan to‘qnashgani sabab 3 nafar odam jarohatlangandi.

25 noyabrda esa Yunusobodda garmoshka avtobus va elektrobus to‘qnashgandi. 20 noyabr kuni esa Olmazor tumanida yo‘lning belgilanmagan qismidan yugurib kelgan erkakni avtobus urib yuborgandi. 11 noyabrning o‘zida birdaniga 2 ta avtobus YTHga uchragandi.

Mavzuga oid