Jahon | 15:21 / 23.12.2023
6704
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Eronni Yamandagi husiychilarni qo‘llab-quvvatlashda aybladi

Tehron husiychilarni dronlar, raketalar va hujumlarni amalga oshirish uchun zarur razvedka ma’lumoti bilan ta’minlagan, deya ma’lum qildi Vashington.

Foto: U.S. Marine Corps/abaca/picture alliance

Yamanning «Ansor Alloh» husiychi jangchilar guruhi Qizil dengizdagi kemalarga uyushtirgan hujumlari munosabati bilan AQSh Eronga nisbatan bayonotlari ohangini kuchaytirdi. «Biz bilamizki, Qizil dengizdagi savdo kemalariga qarshi operatsiyalarni rejalashtirishda Eronning roli katta bo‘lgan», — deya ma’lum qildi 22 dekabr, juma kuni AQSh Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Edriyenn Uotson razvedka ma’lumotlariga tayanib.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehron husiychilarga dronlar, raketalar va ushbu hujumlarni rejalashtirish hamda amalga oshirish uchun muhim bo‘lgan muhim razvedka ma’lumotlarini, jumladan dengiz kuzatuv tizimi axborotlarini taqdim etgan. Vizual tahlil shuni ko‘rsatganki, husiychilar tomonidan uchirilgan raketalar va dronlar tashqi ko‘rinishi bo‘yicha Eronning o‘zida ishlatiladiganidan deyarli farq qilmaydi. 

Yuk tashish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha xalqaro operatsiya

18 dekabr kuni Qo‘shma Shtatlar eng muhim yuk tashish savdo yo‘llaridan birining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Prosperity Guardian - «Farovonlik qo‘riqchisi» xalqaro operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi, unda Pentagon, Bahrayn, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Niderlandiya, Norvegiya, Seyshel orollari va Fransiya qatnashadi. Bundestag ruxsatidan keyin Germaniya ham operatsiyaga qo‘shilishi mumkin. 

Avvalroq, 5 dekabr kuni AQSh Markaziy qo‘mondonligi husiychilarni Eron qo‘llab-quvvatlayotganini e’lon qilgan edi. Ushbu bayonotga ko‘ra, «Qo‘shma Shtatlar o‘zining xalqaro ittifoqchilari va sheriklari bilan to‘liq muvofiqlashtirilgan holda barcha tegishli javob choralarini ko‘rib chiqadi». 

Yaman husiychilari va Yamandagi urush

Yaman husiychilari Qizil dengizdagi kemalarga noyabr oyida hujum qila boshladi hamda oziq-ovqat va tibbiy buyumlar G‘azo sektoriga kiritilmaguncha Isroilga yo‘l olgan har bir kemaga hujum qilish bilan tahdid soldi. Bu xalqaro yuk tashishda katta to‘siq bo‘ldi, to‘rtta kompaniya, shu jumladan soha yetakchisi MSC o‘z kemalarini Adan ko‘rfazini Qizil dengiz bilan bog‘laydigan dunyodagi eng muhim yuk tashish yo‘llaridan biri - Bab al-Mandeb bo‘g‘ozi orqali jo‘natmasligini e’lon qildi. Qizil dengiz orqali global yuk tashish hajmi 10-12 foizni, neft tashuvlarida taxminan 5 foizni va barcha konteyner tashishda taxminan 30 foizni tashkil qiladi. 

Yaman Qizil dengiz va Adan ko‘rfazi o‘rtasidagi Bab al-Mandeb bo‘g‘ozida joylashgan. Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, aniq ko‘lami va shakli hali noma’lum bo‘lgan husiychilar mamlakat shimolini, Saudiya Arabistoni tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Yaman hukumati janubni nazorat qiladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Yamandagi urush dunyodagi eng dahshatli gumanitar inqirozlardan birini yaratdi. 2022 yilning aprelida mojaro tomonlari olti oylik sulhga kelishib oldi. Garchi uning muddati ancha oldin tugagan va tomonlar uni uzaytirish bo‘yicha kelisha olmagan bo‘lsa-da, aslida u hali ham o‘z kuchida.  

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid