Jahon | 14:24 / 23.12.2023
13979
2 daqiqa o‘qiladi

Jo Bayden 2024 yil uchun rekord darajadagi mudofaa budjetini imzoladi

1 oktyabrda boshlangan moliyaviy yil budjeti 886 milliard dollardan oshadi. Budjet joriy va keyingi moliyaviy yilda Ukrainaga 300 million dollar ajratish imkonini beradi.

Foto: Yuri Gripas/Abaca/Bloomberg

AQSh prezidenti Jo Bayden mamlakatning 2024-moliya yili uchun rekord miqdorda - 886,3 milliard dollarlik mudofaa budjetini imzoladi, deb xabar berdi 22 dekabr, juma kuni Oq uy. Avvalroq, 1 oktyabrda boshlangan 2024-moliya yili uchun budjet loyihasi AQSh Kongressining har ikki palatasi tomonidan ma’qullangan edi.

Hujjat Mudofaa, Energetika vazirliklari, AQSh Davlat departamenti, shuningdek, maxsus xizmatlar va milliy xavfsizlik dasturlari faoliyatini moliyalashtirishni belgilaydi. Qonun «kelajak mojarolar oldini olish uchun zarur bo‘lgan harbiy kuchlarni yaratishi kerak bo‘lgan muhim organlarni keng vakolatlar bilan ta’minlaydi», deb ta’kidladi Oq uy rahbari. 

Amerikalik harbiy xizmatchilarning rasmiy maoshlari 5,2 foizga oshadi. Bundan tashqari, mudofaa budjetida aytilishicha, Xitoyning akkumulyator ishlab chiqaruvchi ba’zi kompaniyalari AQSh uchun xaridlarda ishtirok eta olmaydi. 

Ukrainaga 300 mln dollar ajratish rejalashtirilyapti

Jo Bayden imzolagan budjet Ukraina xavfsizligiga ko‘maklashish tashabbusini 2026 yil oxirigacha uzaytiradi, bu esa Kiyevga 2024 yil 30 sentabrda yakunlanadigan joriy moliya yilida ham dastur uchun 300 million dollar ajratish imkonini beradi. Pul AQShdagi arsenallardan to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib berish uchun emas, balki Ukrainaga yuboriladigan qurollarni ishlab chiqarishga sarflanadi. 

Bayden ma’muriyati Ukrainani Rossiyaga qarshi urushda qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan mablag‘ deyarli tugaganini bir necha bor ta’kidlagan. AQSh prezidenti Kongressdan xavfsizlik uchun 106 milliard dollar, jumladan, Ukrainaga 60 milliard dollardan ortiq yordam ajratishni ma’qullashni so‘radi, biroq kongressmenlar bu taklifni rad etdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid