Dunsova RF MSKning saylovda ishtirok etishiga ruxsat bermaganiga norozilik bildirdi
Markaziy saylov komissiyasi Yekaterina Dunsovaga imzo to‘plashga ruxsat bermadi va buni hujjatlaridagi xatolar bilan izohladi. Jurnalist Rossiya Federatsiyasi Oliy sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.
Rjyevlik jurnalist Yekaterina Dunsova Rossiya Markaziy saylov komissiyasining Rossiya Federatsiyasi prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘yish uchun imzo to‘plashga ruxsat bermaganiga norozilik bildirdi. 25 dekabr, dushanba kuni Dunsova mamlakat Oliy sudiga da’vo arizasi bilan chiqdi. Da’voni ko‘rib chiqish 27 dekabr kuni Moskva vaqti bilan soat 10:00 da bo‘lib o‘tadi, deya qo‘shimcha qildi ayol.
Ikki kun avval Markaziy saylov komissiyasi ayolga imzo to‘plashga ruxsat bermagan va buni hujjatlarda aniqlangan xatolar bilan izohlagandi. Shu bilan birga, MSK o‘z dalillarini «faqat hisobot yozuvi bilan tasdiqladi - bunday hujjatdan foydalanish prinsipial jihatdan qonunda ko‘zda tutilmagan, shuning uchun uni qaror qabul qilish uchun asos qilib bo‘lmaydi», deb ta’kidladi Dunsova.
«MSK tomonidan saylovchilar ma’lumotlaridagi xatolar haqida og‘zaki bayonotlar ham deyarli isbotlanmagan. Qolaversa, ular rad etish to‘g‘risidagi qarorda keltirilgan, biroq aniq ko‘rsatilmagan va qaror qabul qilish uchun asos bo‘lmagan», - deya qo‘shimcha qildi jurnalist. Uning so‘zlariga ko‘ra, saylovchilar guruhi a’zolarining ma’lumotlarini tekshirish notariusning zimmasida, MSK esa bunday tartibni amalga oshirish huquqiga ega emas.
Demokratik islohotlar va siyosiy mahbuslarni ozod qilish tarafdori
Krasnoyarsklik Yekaterina Dunsova - jurnalist va ko‘ngilli qidiruv-qutqaruv guruhining koordinatori, Rjyev shahar dumasi deputati bo‘lib ishlagan. U 16 noyabr kuni prezidentlikka nomzodini qo‘yish niyatini ma’lum qildi va bu qarorini «so‘nggi o‘n yil davomida mamlakat noto‘g‘ri yo‘nalishda: taraqqiyot yo‘lida emas, balki o‘z-o‘zini yo‘q qilish yo‘lida ketayotgani» bilan izohladi. Dunsova urushni to‘xtatish, demokratik islohotlar va siyosiy mahbuslarni ozod etish tarafdori.
Uch kunlik prezidentlik saylovlari
Rossiyada prezidentlik saylovlari 2024 yil 15-17 mart kunlari bo‘lib o‘tadi. Hozirgi davlat rahbari Vladimir Putin ham nomzod sifatida qatnashmoqda. Rossiya Liberal-demokratik partiyasidan uning rahbari Leonid Slutskiy, RFKPdan - Nikolay Xaritonov, «Fuqarolik tashabbusi»dan - Moskva viloyatidan deputat Boris Nadejdin, «Novyye lyudi»dan - Davlat dumasi vitse-spikeri Vladislav Davankov oliy lavozimga nomzod sifatida ko‘rsatilgan.
«Rossiyskiy obshchenarodnyy soyuz» konservativ partiyasi bo‘lajak saylovlarga o‘z raisi Sergey Baburin nomzodini ko‘rsatishga qaror qildi. Bundan tashqari, Moskvada Donetskdagi rossiyaparast ayirmachilarning sobiq harbiy rahbari Igor Strelkov (Girkin) nomzodini ko‘rsatish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tashabbus guruhi yig‘ilish ishtirokchilaridan 566 nafar imzo to‘pladi, biroq notariuslar buni tasdiqlash uchun kelmadi.
Mavzuga oid
21:49 / 08.11.2024
Ishchilar sinfi isyoni yoki muvaffaqiyatsiz kampaniya? Harris saylovda nega yutqazdi?
18:42 / 07.11.2024
Trampning g‘alabasi: u amerikaliklarni qanday ishontira oldi?
18:18 / 07.11.2024
Imzo chekishni bilmagani uchun minglab yosh amerikaliklarning saylov byulleteni bekor qilindi
13:51 / 07.11.2024