O‘zbekiston | 18:41 / 26.12.2023
26082
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda yosh mahkum o‘z joniga qasd qildi

Holat yuzasidan maxsus prokuratura tomonidan surishtiruv ishlari olib bormoqda. 

Foto: Kun.uz

Navoiy shahridagi jazoni ijro etish koloniyasida 24 yoshli mahkum o‘z joniga qasd qilib, vafot etdi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, 25 dekabr kuni mahkum choyshabdan sirtmoq yasab, kamera derazasiga o‘rnatilgan temir panjaraga o‘zini osishi oqibatida vafot etgan. Holat ombudsman tomonidan nazoratga olingan. 

Aniqlanishicha, 24 yoshli mahkum Samarqand viloyati, Toyloq tumani sudining 2021 yil 10 noyabrdagi hukmiga kura, Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) va 60-moddasi (bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash) bilan 14 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. U muqaddam ruhiyatning o‘zgarishi bilan bog‘liq boshqa kasalliklarga moyilligi bo‘lgan mahkumlar ro‘yxatida turgan. Jazo muddatini o‘tashi davomida mahkumlarga mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan kasalxonaning psixiatriya bo‘limida 2 marotaba davolangan. 

Marhumning oila a’zolari uning jazo muddatini o‘tashi davomida qisqa va uzoq muddatli uchrashuvga kelmagani, faqat telefon orqali 6 marta suhbatlashgani ta’kidlanmoqda. Shuningdek, marhumning «noodatiy xatti-harakatlari sababli» boshqa mahkumlar u bilan bir kamerada o‘tirishni istamagan, shu sababli 24 dekabrdan buyon alohida saqlangan. 

Holat yuzasidan maxsus prokuratura tomonidan surishtiruv ishlari olib bormoqda.

Mavzuga oid