Jahon | 15:37 / 16.01.2024
3903
3 daqiqa o‘qiladi

BMT: ukrainlarga gumanitar yordam uchun 4,2 mlrd dollar kerak

BMT donorlardan Ukraina va Yevropa mintaqasida 2024 yilda gumanitar yordamga muhtoj 10,8 millionga yaqin aholini qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘ so‘radi.

Foto: Reuters

Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning hamkorlari donorlardan 2024 yilda Ukrainadagi urushdan jabr ko‘rganlarni, shuningdek, ukrainalik qochqinlar va ularni qabul qiluvchi mintaqadagi mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 4,2 milliard dollar (taxminan 3,8 milliard yevro) ajratishni so‘radi. Umuman olganda, gap «Ukraina va Yevropa mintaqasida eng katta ehtiyojga ega bo‘lgan 10,8 millionga yaqin aholiga» yordam ko‘rsatish haqida ketmoqda, deyiladi BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi (OCHA) va BMT Oliy komissarining qochqinlar bo‘yicha boshqarmasi (UNHCR) qo‘shma press-relizida. U dushanba, 15 yanvar kuni e’lon qilindi.

«Front chizig‘i bo‘ylab yashovchi yuz minglab bolalar qo‘rqib qolgan, jarohat olgan va o‘zining asosiy ehtiyojlarini qondira olmayapti. Buning o‘zi bizni Ukrainaga ko‘proq gumanitar yordam ko‘rsatish uchun qo‘limizdan kelganini qilishga majburlashi kerak», - dedi BMT bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari va BMT favqulodda yordam koordinatori Martin Griffits.

So‘ralgan mablag‘lar orasida mamlakatda qolgan 8,5 million muhtoj ukrainaliklarga gumanitar yordam ko‘rsatish uchun 3,1 milliard dollar bor. Ukrainadagi gumanitar ehtiyojlarga reaksiya bildirish OCHA tomonidan muvofiqlashtiriladi. Yana 1,1 milliard dollar 2,3 million qochqin va ularni qabul qiluvchi jamiyatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltirilishi rejalashtirilgan, u UNHCR tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Ukrainada 14,6 mln kishi gumanitar yordamga muhtoj

Joriy yilda, BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukrainada 14,6 milliondan ortiq kishi, ya’ni mamlakat aholisining 40 foizi Rossiyaning keng ko‘lamli hujumi tufayli insonparvarlik yordamiga muhtoj. Taxminan 6,3 million kishi mamlakatni tark etib, asosan Yevropada qochqin sifatida yashamoqda. Biroq, «qochoqlarning atigi 40 foizdan 60 foizigacha, ko‘pincha past malaka talab etiladigan ishlarda ishlaydi va ko‘plari yetarli yashash vositalariga ega bo‘lmagan holda zaif bo‘lib qolmoqda».

«Mezbon davlatlar himoya taqdim etish va ularni mahalliy hamjamiyatlarga kiritishni ta’minlashda davom etmoqda, ammo ko‘plab zaif qochqinlar hali ham yordamga muhtoj, - dedi BMTning qochqinlar ishi bo‘yicha oliy komissari Filippo Grandi. - Ularga chet elda yaxshi yashay olmayotgani uchun uyiga qaytish bo‘yicha bosim o‘tkazmaslik kerak». 

Mavzuga oid