Jahon | 21:54 / 16.01.2024
9150
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy davlat banklari AQSh farmoni tufayli Rossiya uchun cheklovlarni kuchaytiradi

Banklar sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan mijozlar bilan aloqalarni uzish niyatida va Rossiya harbiy sektoriga moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishni to‘xtatadi. 

Foto: Bloomberg

Xitoyning davlat banklari AQSh tomonidan qabul qilingan ikkilamchi sanksiyalar to‘g‘risidagi farmon tufayli rossiyalik mijozlarni moliyalashtirish bo‘yicha cheklovlarni kuchaytiradi. Bu haqda Bloomberg yozdi. 

Dekabr oyida AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiyadan sanksiyaga uchragan shaxslar bilan operatsiyalarni amalga oshirishga yordam beradigan yoki Rossiya harbiylariga ma’lum materiallar va jihozlarni yetkazib berishga yordam beruvchi xorijiy banklarga qarshi choralar ko‘rish haqidagi farmonni imzolagan edi. 

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyning kamida ikkita banki Rossiya bilan o‘zaro munosabatlarini qayta ko‘rib chiqishga kirishgan, xususan, transchegaraviy operatsiyalarga e’tibor qaratgan. Manbalarga ko‘ra, ular sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan mijozlar bilan aloqalarni uzish niyatida va Rossiya harbiy sektoriga moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishni to‘xtatadi. 

Cheklovlar, shuningdek, Rossiyada biznes bilan shug‘ullanadigan yoki unga uchinchi davlatlar orqali muhim tovarlarni yetkazib beradigan chet elliklarga ham ta’sir qiladi. 

Baydenning farmoniga ko‘ra, qoidani buzgan banklar to‘liq blokirovka (SDN ro‘yxatiga kiritiladi) qilinishi yoki Amerika banklaridagi vakillik hisoblariga cheklovlar qo‘yilishi mumkin. 

Ba’zi Xitoy banklari rossiyalik mijozlarga cheklovlarni 2022 yil fevral oyida, Ukrainada harbiy harakatlar boshlanganidan so‘ng joriy qila boshladi. 2023 yil yozida Rossiya moliya tashkilotlari Xitoy banklari orqali AQSh va Yevropaga, xususan, yuanda pul o‘tkazmalarini amalga oshirish bo‘yicha taqiqqa duch keldi. 

Xitoy Moskvaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilmagan bo‘lsa-da, ularni ataylab chetlab o‘tmaslikka va’da bergan. Shu bilan birga, mamlakat Moskva bilan cheklovlarga ta’sir qilmaydigan sohalarda savdoni kengaytirmoqda. Xitoy bojxona boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 2023 yilda 26,3 foizga o‘sib, rekord darajadagi 240,11 milliard dollarni tashkil etgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid