Jahon | 12:15 / 17.01.2024
2348
3 daqiqa o‘qiladi

Polsha haydovchilari 1 martgacha Ukraina bilan chegarani ochadi

Polsha hukumati transport sohasi vakillari bilan Ukraina bilan chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktlari blokadasini 1 martgacha tugatish bo‘yicha kelishuv tuzdi. Namoyish tashkilotchilari «bu taslim bo‘lish emas, balki strategik pauza» ekanini bildirdi.

Foto: Omar Marques / Getty Images

Polsha transport kompaniyalari 1 martgacha Ukraina bilan chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktlarini to‘sib qo‘yishni to‘xtatadi. Tegishli kelishuv 16 yanvar, seshanba kuni sanoat vakillari hamda «Korchova», «Xrebennoye» va «Dorogusk» avtomobil chegara o‘tish punktlari vakillari bilan imzolandi, dedi Polsha infratuzilma vaziri Dariush Klimchak. 

Infratuzilma vazirligi saytida e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, tomonlar «Polsha transport sanoati muammolarini hal qilish va xalqaro avtomobil transporti bozorida muvozanatni tiklashga qaratilgan faoliyatni davom ettirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida kelishuvga erishgan».

Hujjat, jumladan, milliy qonunchilikni o‘zgartirishga, Yevropa Ittifoqi-Ukraina kelishuviga kirmaydigan ruxsatsiz tashuvlarni aniqlash bo‘yicha Polsha xizmatlari nazorat tizimini kuchaytirishga, shuningdek, mumkin bo‘lgan moliyaviy yordamni tahlil qilishga qaratilgan ishlarni o‘z ichiga oladi. 

Blokada tashkilotchilaridan biri Rafal Mekler X ijtimoiy tarmog‘ida vazirlikka ishonch krediti berilganini yozdi. «Agar biz yechim topa olmasak, cheklovga qaytamiz», dedi u hamda norozilik aksiyasining to‘xtatilishi «taslim bo‘lish emas, balki strategik pauza» ekanligini ta’kidladi. 

Polsha haydovchilari ukrainlarni «imtiyoz»dan mahrum qilishni so‘ramoqda

Polsha tashuvchilari 2023 yil noyabridan beri Ukraina va Polsha chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punktlarini to‘sib qo‘ygan. Keyinchalik noroziliklarga fermerlar qo‘shildi. Ular insonparvarlik yordami va harbiy yuklarni o‘tkazmoqda, ammo Ukraina tijorat tashuvchilari uchun avval bekor qilingan ruxsat berish tizimini tiklashni talab qilmoqda. O‘tkazish punktining to‘sib qo‘yilishi natijasida minglab yuk mashinalari chegarada to‘planib qolgan. 

Chegara blokadasining sabablaridan biri sifatida Polsha tashuvchilari Rossiya hujumi davom etayotgani fonida Ukrainaga va Ukrainadan yuklarni yetkazib berishni osonlashtirish uchun Bryussel tomonidan kiritilgan choralarni keltirmoqda. 2022 yilning yozida Ukrainaga gumanitar va harbiy yordam olib kiriladigan hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilinadigan «birdamlik yo‘laklari» ishlashini ta’minlash maqsadida Yevropa Ittifoqi Ukrainada berilgan haydovchilik guvohnomalarini tan olishni boshladi. 

Shu sababli Ukraina transport kompaniyalari YeIdagi ichki transport bozorida «kengayish»ni boshladi - ularning xizmatlari arzonroq, chunki ijtimoiy sug‘urta badallarini to‘lamaydi va Yevropa standartlariga rioya qilishi shart emas, deydi namoyishchilar. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid