Jahon | 14:02 / 20.01.2024
1966
3 daqiqa o‘qiladi

Microsoft rossiyalik hakerlarni direksiya pochtasini buzib kirishda aybladi

Rossiya bilan aloqador Midnight Blizzard guruhi Microsoft korporativ tizimlariga hujum qildi, deya xabar beradi kompaniya. Hakerlar noyabr oyining oxiridan beri jinoiy harakatlarni sodir etgan.

Foto: AP

Rossiya bilan aloqador Midnight Blizzard hakerlar guruhi Microsoft korporativ tizimlariga, jumladan kompaniya rahbariyatining elektron pochtasiga hujum qildi, deb xabar berdi kompaniya 19 yanvar, juma kuni o‘z blogida. Bu guruh Nobelium nomi bilan ham tanilgan

Microsoft ma’lumotlariga ko‘ra, hakerlar 2023 yil noyabr oyining oxiridan beri jinoiy harakatlarni amalga oshirgan, hujum 12 yanvarda aniqlangan. Hakerlar «Microsoft korporativ elektron pochtalarining juda kichik qismiga, jumladan, yuqori boshqaruv, kiberxavfsizlik, yuridik va boshqa bo‘limlar a’zolariga tegishli pochtalarga kirishga muvaffaq bo‘ldi», — deyiladi kompaniya xabarida. 

Guruh xatlar va ularga biriktirilgan hujjatlarni o‘g‘irlashga muvaffaq bo‘lgan. Tekshiruv shuni ko‘rsatdiki, hakerlar dastlab Midnight Blizzard’ning o‘zi haqidagi ma’lumotni pochta orqali izlagan. Korporatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kiberhujum Microsoft mahsulotlari yoki xizmatlaridagi zaiflik bilan bog‘liq emas. Hozirda hakerlar mijozlar bazasiga, boshlang‘ich kodga yoki sun’iy intellekt tizimlariga kirishga muvaffaq bo‘lganligi haqida hech qanday dalil yo‘q, deydi kompaniya. 

Midnight Blizzard hakerlari Rossiya maxsus xizmatiga aloqador deb ko‘riladi

G‘arbda Midnight Blizzard guruhi Rossiya tashqi razvedka xizmati (SVR) bilan aloqador sifatida ko‘riladi, deb ta’kidladi Microsoft. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, hakerlar kamida 2018 yildan beri josuslik va razvedka ma’lumotlarini qidirish bilan shug‘ullangan. Microsoft Midnight Blizzard maqsadlarini AQSh va Yevropadagi «hukumatlar, diplomatik muassasalar, nodavlat tashkilotlar va AT-xizmatlari yetkazib beruvchilari» deb ko‘rsatdi. 

G‘arb rossiyalik hakerlar tomonidan amalga oshirilgan hujumlar, shuningdek, ularga qarshi kurashish choralari haqida bir necha bor xabar bergan. Dekabr oyi boshida AQSh va Britaniya «FSB xodimi» Ruslan Perepyatko va «Siktivkardan IT xodimi» Andrey Korinetsga qarshi sanksiyalar kiritdi. Vashington ularni nishoni «AQSh davlat idoralari» bo‘lgan «zararli kiberfaoliyat» bilan shug‘ullangan «Tsentr 18» ishiga aloqadorlikda aybladi. 

London bu shaxslarni Star Blizzard guruhi a’zolari sifatida tasnifladi, uni Britaniya hukumati «FSB» bilan bog‘liq deb ko‘radi. Bosh vazir o‘rinbosari Oliver Doudenning aytishicha, guruh Britaniya parlamenti a’zolari, rasmiylari, tahlil markazlari va nohukumat tashkilotlariga hujum qilgan. Rossiyaning Londondagi elchixonasi Britaniyaning ayblovlarini «o‘ylab topilgan» va asossiz deb atadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid